Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari $1 mln bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, auksion orqali yer olib berish evaziga $2 mln talab qilib, oldindan $1 mlnni o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi.
U klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun $40 mln miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksionga chiqartirib, yutib berish va 49 yilga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashishni va’da qilgan.
Hozirda ko‘p miqdorda pora olgan hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, DXX matbuot xizmati tergov harakatlari olib borilayotganini qayd etgan.
Avvalroq Andijon viloyatida qiymati 42 mlrd so‘mlik loyihani olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.