Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishga $4,3 mlrd investitsiya kirib keldi, 5,7 gigavatt yangi quvvatlar yaratildi. 4ta korxona — “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O‘zbekgidroenergo” xalqaro kredit reytingini oldi.

Keyingi qadam — transformatsiya orqali raqobatbardosh kompaniyalarga aylanish. Bu elektrni iste’molchilarga kafolatli yetkazib berish uchun ham, investitsiyalarni mustaqil jalb etish uchun ham asosiy omil ekanligi qayd etildi.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekani ta’kidlandi. Bunga loyihalarni maqbullashtirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirish orqali erishish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqsimlash tarmoqlarini xususiy sheriklik asosida investorlarga berib, ularni modernizatsiya qilishga $4 mlrd investitsiya jalb qilish mumkin. Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yili qabul qilingan energetikada raqobat bozorini tashkil etish konsepsiyasi doirasida tarmoq korxonalari transformatsiyasini tezlashtirish, ularda yangi boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kelgusi yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili bo‘lishi qat’iy belgilandi. Tarmoq kompaniyalarini quyi bo‘g‘ingacha transformatsiya qilish va raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilar bu korxonalarda xarajatlarni samarali boshqarish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini DXSh boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Xususan, barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yilning 1-iyuligacha, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakunigacha xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalar imzolanadi.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qish uchun gaz omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi yig‘ilganini ma’lum qilgandi.