Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov kelgusida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O‘zbekgidroenergo” kompaniyalarini rivojlantirish, arzon va “yashil” kreditlar jalb qilish imkoniyatlari borligini qay
“Prezidentimiz transformatsiya jarayonida olinishi kerak bo‘lgan reytinglarni, amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlarni birma bir aytib o‘tdilar. […] Raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilib, har bir stansiya yoki podstansiya bo‘yicha topshiriq berdilar”, — dedi u.
Energetika vazirligi kompaniyalar bilan birga kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rishi, avariyaviy brigadalar, tranformatorlar, podstansiyalarning joriy kapital ta’mirlash ishlari, elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishdagi uzilishlardagi yo‘qotishlar borasida alohida topshiriq berildi.
Bu bo‘yicha kompaniyalar tayyorligini, avariyaviy brigadalar, berilgan zaxiralarni, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari hamda maxsus texnikalarning tayyor holatda ekanligi qayd etildi. “Bu yilgi kuz-qish mavsumi bo‘yicha elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishda avvalgi yillarga nisbatan yaxshilash topshirildi”, dedi u.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev yig‘ilishda 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025−2026 yillar uchun rejalar belgilanganini qayd etdi. Xususan, yuqoridagi to‘rtta kompaniya tomonidan ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish, xarajatlarni kamaytirish orqali operatsion samaradorlikni yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirish kerakligi belgilandi.
“Xalqaro reytinglarni olish va kelgusida davlat suveren kafolatisiz kredit resurslarini jalb qilgan holda yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, texnologiya yo‘qotishlarini kamaytirish va pirovard natijada iste’molchilarga elektr energiyasini uzluksiz belgilangan sifat ko‘rsatkichlari asosida yetkazib berishni ta’minlash shartligi belgilandi”, — dedi Sherzod Xo‘jayev.
Har bir korxona bo‘yicha alohida bosqichma-bosqich chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va bu rejalarni tasdiqlash bo‘yicha prezident qarori loyihasini ishlab chiqish va kiritish topshirilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov yig‘ilishda operatsion xarajatlarni, yo‘qotishlarni raqamlashtirish orqali kamaytirish va boshqa yo‘nalishlarda topshiriqlar berilganini ta’kidladi. “Bir qator sertifikatlar olishimiz kerakligi uqtirib o‘tildi”, dedi u.
Bundan tashqari, “Issiqlik elektr stansiyalari” boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev xorijiy va mahalliy oliy ta’lim vakillarini jalb qilgan holda transformatsiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida xodimlarning 30%ini raqamli transformatsiya jarayoniga jalb qilish topshirilganini qayd etdi.
Joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan davlat rahbari raisligidagi yig‘ilishda avariyaviy o‘chirishlarni to‘xtatish uchun yil oxirigacha muammolarni bartaraf etish topshirildi. Bunda, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 14 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformator yaxshilanadi.
Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qish uchun gaz omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi yig‘ilganini ma’lum qilgandi.