Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov tadbirkorlar huquqini himoya qilish va ular faoliyatida tekshiruvlarni tartibga solish tizimi qanday bo‘lishiga izoh berdi.
Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni aniqlash borasida 2 342ta korxona o‘rganilib, 1 879tasi to‘liq quvvatda ishga tushirilgan. Natijada 737ta ish o‘rinlari yaratilgan, $229 mln eksport amalga oshirilgan va $11 mlrd so‘mdan ortiq soliq bazasi yaratilgan. Investorlarning muammolarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilib, ularga yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik
“Prezidentimizning ochiq muloqotda bergan topshiriqlari bo‘yicha farmon loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bir tadbirkor bir harakati uchun ikkita jazoga tortilish holatlari bor edi — moliyaviy va ma’muriy jazo. Taqdim etilgan hujjat loyihasi bilan tadbirkorlar bir harakat uchun faqat bitta jazoga tortilishi mumkin”, — dedi Qosimov.
Xususan, tadbirkor YTT faoliyatini noqonuniy amalga oshirayotgan bo‘lsa, ham moliyaviy, ham ma’muriy jazo qo‘llaniladi, yangi hujjat loyihasi bilan esa ularga faqat ma’muriy jazo qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Markirovkalash qoidalari va fiskal belgilar tartibini buzganlik uchun ham ma’muriy (37,5 mln so‘m), ham moliyaviy jazo (bitta chorakdagi aylanmadan 2%) mavjud. Yangi hujjat bilan faqat moliyaviy jarima qo‘llaniladi.
Ishchilar sonini yashirish holatida ham ma’muriy va moliyaviy jarima mavjud edi. Bunda ma’muriy jarima 3,7 mln so‘mni, moliyaviy jarima esa yashirilgan soliq summasining 20%ini tashkil etadi. Endi ma’muriy jarima olib tashlanadi.
Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida kelasi yilning 1-martidan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Bunda birinchi instansiyada to‘langan bojning 70%i, apellyatsiya kassatsiyasida esa, 30%i qaytarib beriladi.
“Shu bilan birga, hujjatda barcha davlat organlari tekshiruvlari endi bir hujjat asosida amalga oshirilishi, mavjud 43ta nazorat qilish idoralarining funksiyalari aks ettirilmoqda. Endi tadbirkor qaysi hujjatda nima aks ettirilganini qidirib yurmaydi. Qaysi idorani qanday tekshirish funksiyalari borligini bilsa, tadbirkorga qulay bo‘ladi”, — dedi Dilmurod Qosimov.
Biznes-ombudsman reyestrga kiritilgan nazorat idoralarining funksiyalari tekshirish bo‘yicha taqiqlanishi belgilanayotganini qayd etdi.
Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish
Endi tadbirkorlik faoliyati tekshiruvlari raqamlashtiriladi. Tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni quyidagi 3ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi:
- xavf darajasi past;
- xavf darajasi o‘rta;
- xavf darajasi yuqori.
Bunda, xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Xavf darajasi o‘rta bo‘lgan tadbirkorlar oldin profilaktika qilinadi.
Ya’ni, davlat idoralari tomonidan nazorat qilinib, qaysi holatda qonunbuzilishi sodir etilayotgani yuzasidan ularning aybi tushuntiriladi. Shundan so‘ng ham qonunbuzilishi bartaraf etilmasa, nazorat qiluvchi idoralar tekshiruvga tashabbus bilan chiqishi mumkin.
Xavf darajasi yuqori, qonun buzilishi sodir etgan tadbirkorlar faoliyatini xavfni tahlil qilish tizimiga amal qilmasdan tekshirish mumkin hamda nazorat qiluvchi xodimlar vakolatga ega bo‘ladi.
Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining yetakchi inspektori Dilshod Nasriddinovning qo‘shimcha qilishicha, tekshiruvga chiqish uchun nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari bilimga ega bo‘lishlari kerak. Buning uchun loyihada seminarlar o‘tkazilishi taklif etilgan.
“Profilaktika tadbirlari davomida nazorat qiluvchi organ bilan biznes-ombudsman kelishuvi asosidagi „check-list“ bilan tadbirkorlar faoliyatidagi qonun buzilish holatlari ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etishga ko‘maklashish ham ko‘zda tutilmoqda”, — dedi u.
Tadbirkorlarni tekshirayotgan davlat idoralarining malakasini oshirish bo‘yicha biznes-ombudsmanda o‘quv markazi tashkil etiladi. Unda har ikki yilda davlat idoralarini nazorat qiluvchi xodimlar o‘qitiladi.
Shuningdek, davlat idoralarining KPI reytingi tashkil etiladi. Bu reytingda davlat idoralari ustidan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish, noqonuniy tekshirish, uning tartibini buzish holatlari inobatga olinadi.
Avvalroq kambag‘al oilalarga tadbirkorlikni boshlash uchun garovsiz va foizsiz qarz berilishi ma’lum qilingandi. Ularning farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyoz asosida qabul qilinadi, OTM yotoqxonalaridagi yashash xarajatlari qoplab beriladi.