Hukumat qarori bilan mamlakatda 2024−2025 yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari tasdiqlandi.
2025-yilning 1-fevralidan yangi loyihalashtiriladigan avtoturargohlarning kamida 5%i (bitta joydan kam bo‘lmagan holda) elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun ajratiladi.
Bunda davlat organlari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, AYQShlar, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlaridagi “parkovka"lar nazarda tutilgan.
Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini, yuqori va past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturlarini ishlab chiqishda stansiyalar hamda ularning yagona elektr energetikasi tizimiga yuklamasini inobatga olish talab etiladi.
Yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida 22 kVt eng yuqori quvvatga ega stansiyalar o‘rnatiladi. Tadbirkorlar ko‘p kvartirali uylarning faqat avtoturargohlarida stansiyalar o‘rnatishlari mumkin.
2025-yil oxirigacha O‘zbekiston bo‘ylab 32,4 mingta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Ularning deyarli to‘rtdan uch qismi uy-joylar atrofidagi avtoturargohlarga to‘g‘ri keladi.
Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan, shuningdek, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat korxonalari hududida stansiyalarni o‘rnatish joyi “K-Savdo"da elektron onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi.
Bunda stansiyalarni qurish uchun barcha sharoitlarga ega o‘rnatish joylari “yashil” toifa, qo‘shimcha kommunikatsiya tarmoqlarini qurish zaruratiga ega joylar “sariq” toifa sifatida belgilanadi. Ularni qurish esa g‘olib tomonidan amalga oshiriladi.
Hududlarda stansiyalar o‘rnatiladigan hududlar 120 oygacha foydalanish huquqi bilan auksion orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi mumkin. Bunda elektr ta’minotining texnik holati va mavjud quvvatlardan kelib chiqilishi kerak.
Agar ijaraga beriladigan joyda g‘olib 6 oygacha stansiyalar o‘rnatmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi hamda yer uchastkasi, ko‘chmas mulk qaytadan auksionga chiqariladi.
Energetika vazirligiga “Hududiy elektr tarmoqlari” bilan yil yakunigacha yagona energetika tizimida quvvat tanqisligi davrlarida korxona tomonidan tadbirkorlar va aholi o‘rnatadigan stansiyalar iste’mol quvvatini kamaytirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritish topshirildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan uch oyda elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalarini hamda chetdan olib kirilayotgan va mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillarning ehtiyot qismlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlarni ishlab chiqishi kerak.
Shu bilan birga, IIV hududlar hokimliklari bilan joriy yil yakuniga qadar stansiyalar mavjudligini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilarini o‘rnatishni ta’minlashlari belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi bir oy ichida stansiyalar uchun elektr tarifini yagona elektr energetikasi tizimining yuklamasidan kelib chiqib, vaqt zonalari bo‘yicha taqsimlash taklifini kiritadi.
Avvalroq O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida elektr energiyasi hisobi yuritilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Mazkur tartib joriy yildan yo‘lga qo‘yilishi mumkin.