AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi “Global UGRAD” dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda O‘zbekistondagi OTMlarning 1-, 2-, 3-bosqich talabalari ham ishtirok etishlari mumkin. Dastur Qo‘shma Shtatlarda bir semestrlik to‘liq, hech qanday ilmiy daraja berilmaydigan o‘qish imkoniyatini taqdim etadi.
“Global UGRAD“ga hisob-kitob, biznes, kimyo, informatika, iqtisodiyot, mashinasozlik, geologiya, mehmonxona menejmenti, xalqaro munosabatlar, jurnalistika, huquqshunoslik, shaharsozlik kabi sohalarda o‘qiyotgan talabalar ariza jo‘natishlari mumkin.
Qabul qilingan talabalar universitet va kollejlarda tahsil olib, kampus yotoqxonalarida yashaydi. Biroq, ular AQShda qaysi universitet yoki kollejda o‘qishlarini o‘zlari tanlay olishmaydi.
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:
- kamida 18 yoshda bo‘lish;
- O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, hozirda O‘zbekistonda yashayotgan va tahsil olayotgan;
- mamlakatdagi istalgan OTMning bakalavriat darajasi kunduzgi shaklida o‘qiyotgan;
- Global UGRAD dasturidan so‘ng o‘z o‘quv yurtida yakunlash uchun kamida bir o‘quv yili bo‘ladi.Global UGRAD dasturi talabaning bakalavriat ta’limining yakuniy akademik muddati bo‘la olmaydi;
- o‘quv faoliyati, jamoatchilik ishtiroki va yetakchilik salohiyatini namoyon qila olish;
- ingliz tilini bilish.
Hozirda 2025-yilning avgustida (kuzgi semestr) yoki 2026-yilning yanvarida (bahor semestrida) boshlanadigan dastur uchun arizalar qabul qilinmoqda.
Nomzodlar dasturni tugatgandan so‘ng bevosita vataniga qaytishlari kerak. Finalchilar TOEFL iBT topshirishlari kerak bo‘ladi, bunda imtihonining xarajatlari dastur tashkilotchilari tomonidan qoplab beriladi.
Qabul jarayonida baholarning ingliz tilidagi tarjimasi, akadem va qo‘shimcha tavsiyanoma, o‘qish joyi haqida ma’lumotnoma, shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda 2ta insho jo‘natilishi kerak.
Talabalar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:
- bir semestr davomida o‘qish to‘lovlaridan ozod etiladi;
- AQShga borish va qaytish xarajatlari qoplab beriladi;
- universitet yotoqxonasidan bepul turar joy;
- tibbiy sug‘urta;
- zarur adabiyotlar va boshqa xarajatlar uchun oylik stipendiya.
Dastur bo‘yicha savollarni AQSh elchixonasining Tashkent-Program@state.gov elektron pochta manziliga yo‘llash mumkin. Xabar mavzusiga “Global UGRAD” deb yozish lozim.
Arizalarni joriy yilning 15-dekabrigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Foydali havolalar:
Avvalroq Yaponiya universiteti OTB stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.