Joriy yilning 2-oktabridan “Green Card” uchun arizalar qabuli boshlanib, ularni 5-noyabrgacha onlayn jo‘natish belgilangandi.
AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxatdan o‘tish muddati yana ikki kunga uzaytirilgan.
Dastur doirasida 2026-yil uchun turli millat vakillariga 55 mingtagacha vizalar ajratiladi. Nomzodlar unda ishtirok etish huquqiga ega mamlakat fuqarolari bo‘lishi kerak. O‘zbekistonliklar dasturda ishtirok eta oladilar.
“Green Card” uchun talabgorlar tasodifiy aniqlanadi. Davlat departamenti mintaqalar o‘rtasida vizalarni teng taqsimlaydi. Mamlakatlarga bir yil ichida mavjud DVlarning 7%dan ortig‘i berilmaydi.
Dasturda ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov talab qilinmaydi. Lekin suhbatga saralanganlar rasmiy viza arizasini topshirishdan oldin to‘lov qilishlari kerak bo‘ladi.
Shuningdek, talabgorlarga arizalar qabul qilinganligi haqidagi ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz variantida saqlab qo‘yish tavsiya etiladi.
Nomzodlar DV-2026 dasturi uchun arizalarni dvprogram.state.gov orqali jo‘natishlari mumkin.
2023-yilgi arizalar qabulida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Green Card” lotereyasida ishtirok etmoqchi bo‘layotganlarga maslahatlar bergandi. “Spot” lotoreya uchun anketani qanday to‘ldirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.