Indoneziyada mahalliy komponentlar darajasida sertifikatlash talablariga rioya qilmagani uchun “Google Pixel” smartfonlarini sotish taqiqlandi. Bu haqda Indoneziyaning “Jawa Pos” gazetasi Sanoat vazirligi matbuot kotibi Febri Xendri Antoni Arifga tayanib xabar berdi.
Uning aytishicha, bu yil 22 mingga yaqin smartfon shaxsiy yetkazib berish yoki qo‘l yuki orqali mamlakatga kiritilgan bo‘lsa-da, “Google Pixel"ning Indoneziyada sotilishi qonunga xilof hisoblanadi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu qurilmalar faqat shaxsiy foydalanish uchun ruxsat etilgan bo‘lib, ularni sotish mumkin emas.
Mahalliy komponentlar darajasida sertifikatlash (Tingkat Komponen Dalam Negeri yoki TKDN) — bu mamlakat ichida ishlab chiqarilgan mahsulot komponentlari, shu jumladan ehtiyot qismlar, ishlar va xizmatlar qiymatining foizidir.
Smartfonlar uchun bu ko‘rsatkich kamida 40% bo‘lishi kerak, deb yozadi “TechCrunch” portali.
Bundan oldin, Indoneziya “Apple"ga o‘zining eng so‘nggi iPhone modellarini TKDN talablarini bajarmagani sababli sotishni taqiqlagan edi.
Bundan tashqari, kompaniya o‘z investitsiya majburiyatlarini ham bajarmadi. U Indoneziyaga va’da qilingan 1,7 trln rupiya o‘rniga atigi 1,5 trln rupiya miqdorida sarmoya kiritdi.
Hukumat, shuningdek, ushbu smartfonlarni sotuvchi do‘konlarga qarshi choralar ko‘rish va qurilmalarni mahalliy uyali aloqa operatorlarida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonsiz bo‘lishi uchun ularning IMEI identifikatsiya raqamlarini faolsizlantirish bilan tahdid qildi.
Chet elda sotib olingan telefonlar shaxsiy foydalanish uchun ruxsat etiladi, faqat ularning egasi ularni kirishda deklaratsiya qilishi va yig‘imlarni to‘lashi shart.