Raqobat qo‘mitasi “Invest Finans bank"ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “INVEST FINANS BANK” AJning kredit xizmati reklama axborotida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilganligi aniqlangan.

Jumladan, “Invest Finans bank” tomonidan Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida e’lon qilingan “50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5-yilga, ta’til uchun, ta’mirlash uchun, texnika uchun” mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.

Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, faqatgina “INFIN BLACK” kredit kartasi uchun 50 mln so‘mgacha, 60 oyga, yillik 23,99%dan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul yechish 2%, kartadan kartaga pul o‘tkazish 1%, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55%dan 54,75%gacha ko‘rsatilgan.

Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi hamda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Invest Finans bank"ga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Davr Bank"ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘llagandi. Unga ko‘ra, bank sayti va tashqi reklama obyektlaridagi mikroqarz va kreditlarga oid reklamalarda ularning muhim ma’lumotlari ko‘rsatilmagan.

Oktabr oyi boshida esa reklama qonunchiligini buzgani uchun “Hamkorbank” jarimaga tortilgandi. Bank mikroqarz bo‘yicha reklamasida uning muhim shartlarini ko‘rsatmagani ma’lum bo‘ldi.