“Toyota Motor” korporatsiyasi Amerikaning “Joby” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda yapon havo taksisining ilk ko‘rgazmali parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Olti metrli apparat Sidzukda, “Toyota Higashi-Fuji” texnik markazida havoga ko‘tarildi va zararli chiqindilarning yo‘qligi bilan birga past shovqin darajasini ko‘rsatdi.
Mazkur elektr havo taksisi bir uchuvchi va to‘rt yo‘lovchini sig‘dira oladi va soatiga 200 mil (321 km/soat) tezlikni oshirishi mumkin.
Hozircha u ichida odamlarsiz parvoz qilgan bo‘lsa ham, biroq u o‘zining barcha imkoniyatlarini namoyish etishga ulgurdi: vertikal ko‘tarilish, tezlik va manyovr harakatlari.
“„Toyota“ „Joby“ bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida harakat qilmoqda va biz umumiy orzularimizni ro‘yobga chiqarish uchun birgalikda ishni davom ettiramiz”, — dedi “Toyota Motor Corporation” ijrochi vitse-prezidenti va bosh texnik direktori Xiroki Nakajima.
“Toyota” va “Joby” kompaniyalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik 2019-yilda boshlangan, vaholanki “Joby” 15 yildan ortiq vaqt davomida havo taksilari ustida ish olib bormoqda.
So‘nggi yillarda Yaponiya tomoni loyihaga kamida $500 mln mablag‘ sarfladi va apparatning barcha zarur sertifikatlashtirish jarayonlaridan o‘tishini tezlashtirishga erishdi. Hozirgi kunda tijorat ishlab chiqarishiga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Avvalroq “Joby Aviation” 2025-yil oxirigacha Nyu-York va Los-Anjelesda “havo taksisi"ni ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya qurilmalari avtomobillar va vertolyotlarga muqobil sifatida qaralmoqda. Startap “Toyota” va “Delta Airlines” kompaniyalaridan investitsiyalarni jalb qilib, “Uber” bilan hamkorlikka kirishdi.
Qayd etilishicha, sayohat narxi “Uber Black” tarifi darajasida bo‘ladi — taxminan $100−200. Kelajakda u “Uber XL” narxlariga tushishi mumkin — $50−100.
“eVTOL Joby"ning asosiy afzalliklaridan biri uning past shovqin darajasidir. “Joby” bosh direktori Joben Bevirtning so‘zlariga ko‘ra, 500 metr balandlikda qurilmadan chiqadigan ovoz “daraxtlardagi shamol ovoziga” o‘xshaydi. “NASA” parvoz shovqin darajasini atigi 45,2 detsibel deb qayd etdi, bu muzlatgichdan ham jimroq.
“Joby” shuningdek, White Plains va Long Island kabi uzoqroq aeroportlarga yo‘nalishlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Delta allaqachon Nyu-York va Los-Anjelesda VTOL (vertiport) saytlarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Shuningdek, Xitoy, BAA va boshqa mamlakatlarda havo taksilarini joriy etish kutilmoqda. “Joby” modellari Dubayda 2026-yil boshida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“The Telegraph” nashrining yozishicha, dastlabki bosqichda uchar taksilar premium xizmatlar bilan taqqoslanadigan darajada qimmat bo‘lishi mumkin.
Avvalroq “Spot” “Boeing” uchuvchisiz uchar taksilarni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya 2030-yilgacha bunday avtomobillar bilan o‘zi boshqariladigan taksilar xizmatini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.