“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkentdan Pokistonning Lahor shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini qayta tiklamoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent-Lahor-Toshkent yo‘nalishidagi parvozlar joriy yilning 29-noyabridan boshlanib, haftada bir marta — juma kunlari Airbus 320 havo kemasida amalga oshiriladi.

Bir tomonlama chipta narxi xabar e’lon qilingan vaqtda 2 mln 125 ming so‘mdan, ikki tomonlama narx esa 4 mln 709 so‘mdan boshlanadi.

Parvozlar jadvali quyida keltirilgan:

  • Toshkentdan jo‘nab ketish — soat 06:00, Lahorga yetib borish — soat 08:20;
  • Lahordan jo‘nab ketish — soat 09:20, Toshkentga yetib borish — soat 11:45.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways” Toshkent-Xanchjou yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Shaharlar o‘rtasidagi reyslar 17-noyabrdan boshlanib, muntazam parvozlar har yakshanba kuni amalga oshiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Quvayt faqat bitta aviakompaniya parvoziga qo‘yilgan cheklovni bekor qilgandi. Tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida haftalik aviaqatnovlar sonini 14taga yetkazishni rejalashtirmoqda.