Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar markaziy banklari kengashi tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 6-noyabr kuni regulyator rahbariyati Bishkek shahrida o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ning 11-sammiti doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston markaziy banklari rahbarlari uchrashuvida qatnashdi.

Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya hamda O‘zbekiston markaziy banklari raislari Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo markaziy banklar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumni imzolashdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki tadbir davomida Ozarbayjon Markaziy banki raisi Talex Kyazimov, Qozog‘iston Milliy banki raisi Timur Suleymenov va Turkiya Markaziy banki raisi Fatix Karaxan bilan ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va kelasi davrlar uchun o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlarni muhokama qildi.

Qozog‘iston Milliy banki matbuot xizmatining xabar berishicha, kengash tashkilot markaziy banklari o‘rtasidagi moliyaviy sohadagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun maslahat-kengash organi vazifasini bajaradi.

Kengash a’zolari o‘zaro fikr va tajriba almashib, pul-kredit siyosati, moliyaviy barqarorlik, to‘lov tizimlarini hamda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish kabi boshqa o‘zaro manfaatli sohalar bo‘yicha qo‘shma maslahatlashuvlar va tadqiqotlar olib borishadi.

TDTga a’zo markaziy banklar kengashining birinchi majlisi kelasi yilning may oyida Ostona xalqaro forumi doirasida Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2023-yilning martida Turkiy davlatlar tashkiloti qo‘shma investitsiya fondini tuzish loyihasi e’lon qilingandi. Fond uchun har bir mamlakat uchun to‘lov miqdori $70 mlnni tashkil etishi belgilangan.