Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi, deya xabar berdi “24.kg” nashri.

Bosh vazir Aqilbek Japarov mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Hujjatning asoslanishida qayd etilishicha, bu “Qirg‘iz temir yo‘li” davlat kompaniyasi nomidan qo‘shma korxonaning ustav kapitaliga qo‘shilgan hissa hisoblanadi.

Qirg‘iziston Moliya vazirligiga Jo‘qorg‘i Kengesning Budjet, iqtisodiy va fiskal siyosat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Milliy bank kursi bo‘yicha $14 mln ekvivalentida mablag‘ ajratish topshirildi.

Sentabr oyida taqdim etilgan 2025-yilgi davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, Qirg‘iziston yangi temir yo‘l qurilishiga 11 mlrd som ($131,4 mln) investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Mablag‘lar uch yil davomida bosqichma-bosqich ajratiladi.

Kelgusi yilda 2,418 mlrd som ($28,67 mln) o‘tkazilishi kutilmoqda. Yana 4,291 mlrd som (50,87 mln dollar) 2026-yilda va 4,374 mlrd som ($51,85 mln) 2027-yilda qo‘shma korxonaga o‘tkaziladi.

Loyiha haqida

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shudan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.

Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lining qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi.