Namangan viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Namangan shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “O-N.” oilaviy korxonasi rahbari M.O. korxona novvoyxonasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 273,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘limlari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “Z.Q.” va “S.O.” MCHJ mas’ul shaxslari hamda YATT M.A. ishlab chiqarish sexlarida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida esa jami 161,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” uchta hududda qariyb 641 mlnlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlarida fuqarolar elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olganliklari aniqlangan.