31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov onlayn kredit berishdagi yangi cheklovlarga izoh berdi, deya xabar qildi “Spot” muxbiri.
Joriy yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar O‘zbekistonda shubhali operatsiyalarga qarshi kurashish maqsadida mobil ilovalarda kreditlarni rasmiylashtirishning vaqtinchalik tartibi amal qiladi. Fuqarolar qarz olish uchun ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Regulyator raisining bunga aniqlik kiritishicha, vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qoladi. Markaziy bank besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirmoqda.
“Biz bank xizmatlarining raqamli bozorini (onlayn-banking — „Spot“ izohi) haddan tashqari liberallashtirib yuborganmiz”, — deya xulosa qildi Nurmuratov.
Markaziy bank raisi asosiy maqsad — fuqarolarning xavfsizligi va mablag‘larini ta’minlash ekanini ta’kidladi. U to‘lov tashkilotlari va banklarning daromadidan tashqari, mablag‘larning xavfsizligini ta’minlash zarurligini ham qayd etdi.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank energiya resurslari va ayrim tovarlarni yetkazib berishda inflyatsion xatarlarni ko‘rayotgani haqida xabar bergandi.