Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchayayotgani, ziddiyatlar sabab turli xavf-xatarlar ortayotgani savdo, investitsiya, transport, energetika kabi sohalardagi qo‘shma reja va loyihalarga to‘siq bo‘layotganini qayd etdi.
Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlar o‘rtasida kuchayayotgan hamkorlik misoli ekani ta’kidlandi. Sammit kun tartibidan kelib chiqib, prezident bir qator ustuvor masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Bunda Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomasini qabul qilish taklif etildi.
Tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish uchun quyidagi yo‘nalishlarda aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi:
- tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish;
- savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish;
- elektron tijorat platformalarini rivojlantirish.
Savdo sohasidagi salohiyatni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi tahlil markazlarining anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.
Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilish kerakligi aytildi.
Shu bilan birga, oliyaviy instrumentlarni joriy etish, Turkiy investitsiya fondi faoliyatini faollashtirish va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy investitsiya kompaniyalarini jalb qilish maqsadida Turkiy investitsiya forumini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.
Transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, O‘rta yo‘lak bo‘yicha tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralarni kesib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, yangi logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish masalalari belgilandi.
Prezident “Raqamli turkiy dunyo” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. U kelajak iqtisodiyotini joriy etish, IT-sohasida bilimlarni almashish, innovatsiyalar, infratuzilma va ilm-fanning raqamli tizimlarini, yirik ma’lumotlar markazlarini yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, tashkilot doirasida tashishlarda elektron hujjat aylanishiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolash tashabbusi ilgari surildi. Buning uchun Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi bilan Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazish kerakligi qayd etildi.
Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, Turkiy dunyo xartiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar qabul qilindi.
Avvalroq Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar markaziy banklari kengashi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Kengash tashkilot markaziy banklarining maslahat-kengash organi vazifasini bajaradi.