4-oktabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan ayrim fuqarolarga temir yo‘l transporti yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul chiptalar bir yilda faqat bir marta beriladi.

Bu poyezd yoki shaharlararo avtobus harakati uchun amal qilib, borish va qaytish uchun bepul chipta olishda istalgan transport turidan foydalanilishi mumkin. Ularni kuzatib borayotgan bir nafar fuqaroga ham borish-qaytish uchun bepul chipta olish imkoni beriladi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi qariyalar hamda birovning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestrini yuritadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning vakolatli bo‘linmalari, avtovokzallar mansabdor shaxslariga bir oy ichida mazkur reyestrdan foydalanish imkoniyati ochiladi. Bepul temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus chiptalari reyestr asosida beriladi.

Bepul yo‘l chiptasini rasmiylashtirish uchun yolg‘iz shaxs, shuningdek, parvarishga muhtoj keksalar va imkoniyati cheklanganlar mas’ul xodimga pasport yoki ID-kartasini taqdim etishi kerak.

Joriy yilning avgust oyida Senat ayrim keksalarga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqini beruvchi qonunni ma’qullagandi.