Joriy yilning oktabr oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun ijara narxlarining oshishi sekinlashdi. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.
Xususan, poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari sentabr oyiga nisbatan 1,3%, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 0,2% oshdi.
O‘tgan oyda o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxi 0,5%ga, 2 xonali uylar uchun 1,4%ga, 3 xonali uylar uchun 1%ga, 4 xonali uylar uchun esa 2,5%ga oshdi.
Bu toifaga kiruvchi uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarda taklif etilgan:
- Sergeli: 1 xonali — $285, 2 xonali — $359, 3 xonali — $388, 4 xonali — $432;
- Yashnobod: 1 xonali — $300, 2 xonali — $384, 3 xonali — $418, 4 xonali — $545.
Bu toifadagi eng qimmat ijara narxlari quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $344, 2 xonali — $529, 3 xonali — $666, 4 xonali — $863;
- Yakkasaroy: 1 xonali — $364, 2 xonali — $499, 3 xonali — $638, 4 xonali — $700.
Mazkur davrda to‘liq ta’mirlangan 2 xonali ($550) va 3 xonali ($700) uylar ijarasi deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Biroq, 4 xonali (0,4%ga) hamda 1 xonali (1,3%ga) xonadonlar uchun narxlar biroz ko‘tarildi.
To‘liq ta’mirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari quyidagi ikkita tumanda qayd etildi:
- Sergeli: 1 xonali — $321, 2 xonali — $408, 3 xonali — $465, 4 xonali — $513;
- Uchtepa: 1 xonali — $354, 2 xonali — $432, 3 xonali — $486, 4 xonali — $639.
Eng qimmati esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $471, 2 xonali — $718, 3 xonali — $952, 4 xonali — $1 307;
- Shayxontohur: 1 xonali — $460, 2 xonali — $698, 3 xonali — $1 038, 4 xonali — $1 328.
MHTI ijara narxlarini olx.uz platformasidan olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilgan. Bunda sentabr (46,9 mingta) va oktabr (43,1 mingta) oylari uchun keltirilgan ma’lumotdan foydalanilgan.
Avvalroq keyingi yil ijara to‘lovlarining minimal stavkalarini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq solishda qo‘llaniladigan ijara to‘lovining minimal stavkalarini 10−12%ga indeksatsiya qilish taklif etildi.