Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin 2025-yil 1-yanvardan xorijiy mehnat migrantlarini kuryerlik xizmatiga jalb qilish taqiq qo‘ymoqda. Bu haqda “RIA Novosti” nashri xabar berdi.

Shuningdek, ular uchun jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida ishlash bo‘yicha amaldagi cheklov uzaytiriladi.

Avvalroq Busargin 2024-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida xorijiy mehnat migrantlarining ishlashini taqiqlagan edi.

Saratovda faoliyat yuritayotgan biznes va tashkilotlarga iqtisodiy faoliyatning ayrim turlari bo‘yicha patentlar asosida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet el fuqarolarini jalb etish man etiladi.

Gubernator matbuot xizmatining migratsiya xizmati ma’lumotlariga tayanib ta’kidlashicha, 2023-yilda xorijliklar soni sezilarli darajada o‘sgan, ammo patentlar rasmiylashtirilgandan so‘ng ularning faqat bir qismi rasman ishga joylashtirilayotgani yashirin bandlik darajasi yuqoriligidan dalolat beradi.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qaror “jamiyat hayotining asosiy sohalarida” xavfsizlik darajasini oshirishga qaratilgan.

“Xorijlik ishchilarni patent asosida jalb qilishni taqiqlash muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Avval belgilangan sohalar — yo‘lovchi tashish, umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga qo‘shimcha ravishda yangi soha — kuryerlik faoliyati ham kiritildi. Mazkur qaror 1-yanvardan kuchga kirib, 2025-yil oxirigacha amal qiladi”, deyiladi xabarda.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning Irkutsk va Omsk viloyatida migrantlarga iqtisodiyot tarmoqlarida ishlash taqiqlanishi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, 2025-yildan boshlab ular yo‘lovchi tashish, savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda ishlay olishmaydi.

Qayd etilishicha, taqiq chet ellik ishchilar sonini tartibga solish va mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.