Startaplar rivojlanish bosqichida ko‘pincha investitsiyaga muhtoj bo‘lib, eng yaxshi qo‘llab-quvvatlash manbalaridan biri venchur va investitsiya fondlari bo‘lishi mumkin. Ushbu jamg‘armalar innovatsion loyihalarga qiziqish bildirishadi, ammo ularning e’tiborini jalb qilish uchun startaplarni qanday tanlashlarini tushunish muhimdir.
Investitsiya fondlari biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali uning rivojiga hissa qo‘shadi. Misol uchun, yetkazib berish platformasi xizmatini kengaytirmoqchi bo‘lsa unga ma’lum miqdorda mablag‘ kerak bo‘ladi. Bunday vaziyatda tadbirkor loyihani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida fondga ariza beradi va kerakli sarmoyani qo‘lga kiritadi. Fond esa, o‘z navbatida, kompaniyada ulushga ega bo‘ladi.
Jamg‘armalar davlat ko‘magida faoliyat ko‘rsatishi, kompaniyalar guruhining bir qismi yoki mustaqil tashkilot bo‘lishi mumkin.
“Spot” ushbu sharhda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan jamg‘armalar va qanday talablar moliyalashtirishni muvaffaqiyatli jalb qilish imkoniyatini oshirishda yordam berishi haqida so‘z yuritadi.
“AloqaVentures”
O‘rtacha investitsiya miqdori: $50-$250 ming
2021-yilda “Aloqabank” tomonidan “AloqaVentures” venchur fondi startaplarga investitsiya kiritib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
Hozirgi kunda “AloqaVentures” venchur fondining kapitali $6,5 mlnni, kiritilgan investitsiyalar miqdori $3,7 mln tashkil etadi.
Fond “Pre-Speed” va “Speed” bosqichidagi startaplarga investitsiya, bank ekotizimi bilan integratsiya, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati, marketing, texnik va yuridik tomondan ko‘maklashadi.
Qanday talablarga javob berish kerak: taqdim etilayotgan startaplar MVP tayyor, sinovdan o‘tkazilgan va ishga tushgan bo‘lib, sotuvlari bo‘lishi hamda savdolar oyma-oy o‘sish ko‘rsatgichiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari loyiha mahalliy va xalqaro bozorlarda ommalashib, fondning talablariga javob berishi lozim.
Startap loyihalarni bu yerda qoldirish mumkin.
“UzVC”
O‘rtacha investitsiya miqdori: $50-$150 ming
“UzVC” — O‘zbekistondagi birinchi milliy venchur fondi hisoblanadi. Birinchi venchur fondining boshlang‘ich kapital miqdori 15 mlrd so‘mni tashkil etib, loyihalar va startap ekotizimni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tuzilgan. 14-oktabr kuni “UzVC” milliy venchur fondi faoliyati venchur jamg‘armalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etilib, 150 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.
Bugungi kungacha fond 9ta startapga $960 ming miqdorida mablag‘ ajratib, ayni damda kompaniya investitsion portfelining umumiy qiymati $2 mln hisoblandi.
Shu bilan birgalikda “UzVC” tomonidan “Startup Growth Program” (SGP) akseleratsion dasturi yo‘lga qo‘yilgan.
Qanday talablarga javob berish kerak: taqdim etilayotgan startap iqtisodiy muammolar yechimini taklif etishi, ichki va xalqaro bozorga chiqa olishi bilan bir qatorda MVP tayyor, sinovdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
Startap loyihalarni havola orqali qoldirish mumkin.
“CS/Angels”
O‘rtacha investitsiya miqdori: $30-$50 ming
“CS/Angels Club” 2024-yilda O‘zbekistondagi angel investorlar klubi hisoblanadi.
Klub global ambitsiyalarga ega bo‘lgan “Pre-Seed” bosqichdagi loyihalarga sarmoya kiritish orqali Markaziy Osiyodagi texnologik startaplar sahnasining o‘sishiga ko‘mak beradi.
Hozirgi kunda “CS/Angels Club” investorlar klubi kapital kiritgan investitsiya startaplar soni ikkitani tashkil etadi.
Qanday talablarga javob berish kerak: taqdim etilayotgan startaplar asoschisi faoliyat yuritayotgan sohada bilim va tajribaga ega bo‘lib, MVP tayyor, ishga tushirilgan bo‘lishi darkor. Loyiha sotuv bo‘yicha o‘sish, hajmga ega bo‘lishi kerak.
Startap loyihalarni bu yerda qoldirish mumkin.
“Plug and Play Uzbekistan“
O‘rtacha investitsiya miqdori: $50-$150 ming
“Plug and Play” xalqaro innovatsion platforma hisoblanib, “Plug and Play Uzbekistan” 2022-yil O‘zbekistonda texnologik ekotizimini rivojlantirish va mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishga tushirilgan.
Uning asosiy vazifasi — startaplar uchun akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, ularni venchur fondlari va korporatsiyalar bilan bog‘lash hisoblanadi.
Platforma startaplar uchun “Plug and Play” yoki boshqa venchur fondlardan investitsiya jalb qilish, loyihaning birlamchi bosqichini yo‘lga qo‘yish va boshqa yirik fondlar bilan startaplarni muhokama qilish singari bir qator imkoniyatlarni ham taqdim etadi.
“Plug and Play” o‘zining venchur fondiga ega. Kompaniya dunyoning 60ga yaqin mamlakatda ofisiga ega bo‘lib, 2000ga yaqin kompaniyaga investitsiya kiritgan.
Qanday talablarga javob berish kerak: fond “Seed” va “Pre-Speed” bosqichidagi startaplar, sunʼiy intellekt, internet, fintexnologiya yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Startap loyihalarni havola orqali qoldirish mumkin.
“Startup Innovation Group“
"Startup Innovation Group” — startap konferensiyalari va ayollarning texnologik tadbirkorligi tadbirlari, g‘oyalar yaratuvchi seminarlar, olti oylik startaplarni tezlashtirish dasturlari, startaplarni pitching va sarmoya olish uchun tayyorlashda ko‘mak beradigan akselerator hisoblandi.
“Startup Innovation Group” kompaniyasi O‘zbekistonda 2013-yildan buyon startaplar ekotizimida faoliyat olib boradi.
Uning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi loyihalari mavjud:
Loyiha nomi | Maqsadi |
Raqamli tadbirkorlik va biznesni rivojlantirishda raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha trening dasturini ishlab chiqish va o‘tkazish. | |
"Ilmiy" loyihalar va ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun O‘zbekistondagi birinchi akselerator. Mamlakatning barcha hududlaridagi startaplar bilan ishlaydi. | |
Sayt har qanday inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini yaratishga, startaplar, mentorlar va trekerlar jamoalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga, jamoalarga vazifalar berishga, topshiriqlarni bajarish va akselerator sessiyalariga tashrif buyurishning shaffof reytingini yuritishga imkon beradi. | |
Water Solutions Innovation Lab — startap akseleratori yashil texnologiyalar va suv masalalari bo‘yicha loyihalar uchun tashkil etilgan. | |
O‘zbekistonda 2013-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan startaplar va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi biznes-konferensiyadir. | |
Yoshlar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi. |
Qanday talablarga javob berish kerak: startaplarga qo‘yilgan talab topshirilayotgan loyiha yo‘nalishiga qarab belgilanib, kompaniya tarkibida bundan tashqari bir qancha startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi loyihalar ham mavjud.
Bu haqida havola orqali ma’lumot olish mumkin.
“Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi“
Innovatsion rivojlanish vazirligi bir yilda kamida ikki marta startaplarni amalga oshirish uchun tanlov o‘tkazib, loyihalarni moliyalashtirishadi.
Tanlovga kelib tushgan arizalar uch bosqichda ko‘rib chiqiladi. Birinchi bosqichda loyihaning tanlov shartlariga mosligi, ikkinchi bosqichda uning moliyaviy qismi va ilmiy-texnik kengash majlisida hay’at a’zolari tomonidan baholash orqali aniqlanadi.
Ilmiy-texnik kengash majlisidan muvaffaqqiyatli o‘tgan startap loyihalari “Innovatsion rivojlanish vazirligi” hay’ati tomonidan ovoz berish yo‘li bilan moliyalashtirishga tavsiya etiladi.
Qanday talablarga javob berish kerak: taqdim etilayotgan loyiha sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, taʼlim va boshqa sohalarda bo‘lishi lozim.
Startap loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotni bu yerdan olish mumkin.