Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini butunlay taqiqlashni taklif qilib, ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish sohasida jahon standartini o‘rnatmoqchi, deya xabar berdi “Reuters” nashri.

Bosh vazir Entoni Albaneze qonun loyihasi kelgusi yildan qabul qilinishi mumkinligini aytdi.

Avstraliya hukumati bolalarning “Instagram”, “TikTok”, “Facebook” va “X” (sobiq Twitter) kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirishini bloklash uchun yoshni tekshirish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirdi.

Bu ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar, xususan, tashqi qiyofa masalasida bosimga uchraydigan qizlar va mizoginistik kontentga duch keladigan o‘g‘il bolalarning ruhiy va jismoniy salomatligiga salbiy ta’siriga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuining bir qismidir.

“Ijtimoiy tarmoqlar bolalarimizga zarar yetkazmoqda va men bunga chek qo‘yishni e’lon qilaman,” — dedi Albaneze matbuot anjumanida.

Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, murakkab o‘sish davrini boshidan kechirayotgan o‘smirlar zaif hisoblanadi.

Qonun loyihasi ota-onalar roziligi bilan yoki allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun ham istisnolarga yo‘l qo‘ymaydi.

Hujjat loyihasini joriy yilda parlament muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan. Agar u qabul qilinsa, cheklovlar u tasdiqlangandan keyin bir yil o‘tgach kuchga kiradi.

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib yosh chegarasiga samarali rioya qilish uchun biometrik yoki davlat hujjatlaridan foydalangan holda yosh tekshiruvini joriy etishni rejalashtirmoqda.

Aloqa vaziri Mishel Roulendning ta’kidlashicha, “bolalarni himoya qilish mas’uliyati ota-onalar yoki o‘smirlarning o‘ziga emas, balki platformalarga tushadi”.

“TikTok” izoh berishdan bosh tortdi, “Meta”, “Alphabet” va “X” esa “Reuters” so‘rovlariga javob bermadi.

“Google”, “Meta”, “TikTok” va “X” manfaatlarini ifodalovchi Avstraliya raqamli sanoat assotsiatsiyasi (DIGI) bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan izolyatsiya qilish ularni xavfsiz bo‘lmagan va tartibga solinmagan platformalarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

“Biz yoshlarning internetdagi xavfsizligi muhimligini tushunamiz, ammo o‘smirlar uchun taqiq — bu zamonaviy muammolar uchun o‘tgan asrdagi yechim,” — dedi Avstraliya raqamli sanoat assotsiatsiyasi rahbari Sunita Bose.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xavfsiz makonlarni yaratish va raqamli savodxonlikni rivojlantirish bilan yanada muvozanatli yondashuv samaraliroq bo‘lar edi.


Avvalroq “Spot” Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlari kuchaytirilishi, minimal yoshni 13 yoshdan 15 yoshgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Norvegiya bosh vaziri Jonas Gahrning so‘zlariga ko‘ra, bu “bolalar ongini” texnogen gigantlar algoritmlarining salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.