Avvalroq Soliq qo‘mitasi yirik hajmdagi ma’lumotlarni yangi serverga migratsiya qilish munosabati bilan 30-oktabr kunidan 5-noyabrgacha onlayn NKT cheklarni tahrirlash vaqtincha cheklanishini ma’lum qilgandi.
Qo‘mita matbuot xizmatining xabar berishicha, ma’lumotlar bazasidagi fiskal cheklar va jismoniy shaxslarning 80 terabayt hajmdagi ma’lumotlari yangi serverlarga migratsiya qilindi.
Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan elektron xizmatlar belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, dasturiy ta’minotning yangilangan versiyasiga o‘tish, ma’lumotlar bazasini optimallashtirish, xato va takrorlanishlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarni ko‘chirish jarayonida soliq to‘lovchilar uchun noqulayliklarni kamaytirish, ma’lumotlarning saqlanishi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida shaxsiy kabinetda cheklarni tahrirlash imkoniyati 8-noyabrgacha cheklanadi. Shuningdek, bu davrda axborot tizimlari va elektron xizmatlarda qisqa muddatli uzilishlar bo‘lishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, qo‘mita barcha soliq to‘lovchilarga oktabr oyi uchun onlayn-NKT cheklaridagi summalarni tahrirlash muddatini 1-dekabrgacha uzaytirdi.
Bunda qolgan barcha ma’lumotlarni tahrirlash cheklanmagan. Ya’ni, tadbirkorlar 2023-yilning 1-yanvaridan chop etilgan onlayn-NKT va elektron cheklarda yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni tahrirlashlari mumkin.
Onlayn-NKT va elektron cheklarda summadan tashqari quyidagi ma’lumotlarni muddatsiz tahrirlash mumkin:
- QQS summasi va stavkasini (0/12%);
- mahsulot va xizmatlar identifikatsiya kodini (MXIK);
- komitent STIRini;
- mahsulot miqdorini;
- o‘lchov birligini;
- to‘lov turini (naqd pul yoki bank karta).
Avvalroq Soliq qo‘mitasi markirovkalangan suv va salqin ichimliklarni agregatsiyalashni vaqtincha kechiktirgandi. Noyabr oyi o‘rtalarida mazkur masalani muhokama qilish uchun ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.