Oktabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Joriy yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $2 mlrddan ortiqqa oshib, $43,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Buning asosiy sababi oltin zaxiralarining davom etayotgan o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘z navbatida, uning qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $33,36 mlrd yoki o‘tgan oyga nisbatan $1,5 mlrdga ko‘p.
Shu bilan birga, zaxiralarning sof hajmi oldingi daraja — 12 mln troya unsiyada (373 tonnadan ortiq) o‘zgarishsiz qoldi. Erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutadagi aktivlar hajmi sezilarli darajada oshib, oktabr oyi oxirida $9,22 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi $445,5 mlnga oshib, $9,11 mlrdga yetdi. Shundan $414,4 mlni boshqa Markaziy banklar va XVFda, qolgan $8,67 mlrdi esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar narxi bir oy ichida deyarli uch baravar oshib, $100 mlndan oshdi.
Markaziy bankning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi chorakda tartibga soluvchi organ tomonidan oltin xaridi 12%ga o‘sgan. O‘z navbatida, Jahon oltin kengashi (WGC) O‘zbekistonning qimmatbaho metalni sotishdan uni sotib olishga o‘tganini ta’kidlagan.