6-noyabr kuni bir tonna propanning birja narxi qariyb 12%ga tushdi. Bu haqda Respublika tovar xom-ashyo birjasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kechagi savdolar davomida birjadagi suyultirilgan gaz narxi 11,87%ga pasayib, bir tonnasi 9 mln so‘mdan pastroq narxni tashkil etdi. Shunga qaramay, sotilgan mahsulot hajmi 15%dan ko‘proqqa — 1,4 tonnadan 1,18 ming tonnagacha kamaydi.
Narxlar arzonlashuviga 6-noyabr kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan propan narxining o‘sishiga o‘rnatilgan cheklov sabab bo‘lishi mumkin.
Qo‘mitaning 5-noyabrdagi ko‘rsatmasi bilan chorshanba kunidan boshlab, suyultirilgan gaz narxini har bir sotuvchi bo‘yicha boshlang‘ich narxiga nisbatan 20%gacha oshirish chegarasi (spred) joriy etilgandi.
“Spot” suhbatlashgan bozor ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, narxlar yuqoriligi birja kotirovkalarini sun’iy ravishda ushlab turadi va raqobatni cheklaydi, chunki barcha ishtirokchilar ruxsat etilgan maksimal narxni taklif qilishlari mumkin.
O‘tgan ikki kun ichida propan narxi 15%dan ko‘proqqa qimmatlashib, bir tonnasi uchun 10 mln so‘mdan oshdi va AI-80 benzinining narxini ortda qoldirdi. Shu bilan birga, 1-noyabrga nisbatan suyultirilgan gaz taklifi 40%ga kamaydi.
Xuddi shunday holat o‘tgan yili AI-80 benzini bilan ham kuzatilgandi. O‘shanda yoqilg‘i sotib olish limitining joriy etilishi xaridorlar sonini kamaytirib, ayrim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yopilishiga olib kelgan.
Oktabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov suyultirilgan gaz narxining keskin oshishini ishlab chiqarishning yetarli darajada oshmagani hamda propanda harakatlanuvchi avtomobillar sonining ko‘payishi bilan izohlagandi.
Avgust oyi boshida prezident gaz, jumladan, propan quyish shoxobchalari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish orqali narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni topshirgandi.