Janubiy Koreya “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i egasi “Meta"dan 21,62 mlrd von ($15,67 mln) jarima to‘lashni talab qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Bunga kompaniya foydalanuvchilarning maxfiy ma’lumotlarini to‘plab, ularni reklama beruvchilarga qonuniy asoslarsiz taqdim etgani aniqlangani sabab bo‘lgan.
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha komissiya bayonotiga ko‘ra, “Meta” foydalanuvchilarning roziligisiz 980 ming janubiy koreyalik “Facebook” foydalanuvchilari haqida din, siyosiy qarashlar va jinsiy oriyentatsiya kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot to‘plagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik bu ma’lumotlardan 4 mingga yaqin reklama beruvchi foydalangangani ma’lum bo‘lgan.
“Xususan, “Meta” foydalanuvchilarning fe’l-atvori haqidagi ma’lumotlarni, masalan, ularga yoqqan sahifalar va ular “Facebook"da munosabatga kirishgan e’lonlarni tahlil qilgani, maxfiy ma’lumotlarga asoslangan reklamalarni yaratgani va boshqargani aniqlandi,” — deyiladi komissiya xabarida.
Qayd etilishicha, bu foydalanuvchilarni diniy e’tiqodlari yoki siyosiy qarashlari bo‘yicha toifalarga ajratishni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, “Meta” foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish to‘g‘risidagi so‘rovlarini asossiz ravishda rad etgan va ma’lumotlar sizib chiqishining oldini ololmagan, deb ta’kidladi agentlik.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi regulyatori “Meta” kompaniyasini 91 mln yevro jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Jarimaga kompaniya ba’zi foydalanuvchilarning parollarini himoyasiz yoki shifrlashsiz saqlaganligi sabab bo‘lgan.