5-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar bilan maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan va mamlakat hududiga kiritiladigan tezkor qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalari soliqdan ozod etiladi. Shu bilan birga, ularga nisbatan aksiz solig‘i qo‘llanilmaydi.
Bojxona kodeksiga yuqorida ko‘rsatilgan texnik vositalarni boj to‘lashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar harbiy yuklarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imini to‘lashdan ozod qilinadi.
Qayd etilishicha, mazkur soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashdagi kamchiliklar ayrim idoralar tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini olib kirishda ulardan to‘liq foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Qonun esa belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan yuqoridagi texnik vositalarni mamlakat hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yaxshilashga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Avvalroq 2025-yilda marketpleyslardagi sotuvchilar uchun soliqlar oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Qat’iy belgilangan aylanmadan olinadigan soliq stavkalarini oshirish va uni 2026-yildan bekor qilish rejalashtirilmoqda.