Donald Trampning 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi g‘alabasi dunyodagi o‘nta eng boy odam boyligining rekord darajada o‘sishiga olib keldi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

Umuman olganda, milliarderlarning boyligi $64 mlga oshdi, bu “Bloomberg Billionaires Index” 2012-yilda ishga tushirilganidan beri eng katta kunlik o‘sish bo‘ldi.

Ro‘yxatda yetakchilik qilayotgan Ilon Mask $26,5 mlrdga boyidi, uning umumiy boyligi esa bir kunda 10%dan ortiqqa ko‘payib, $290 mlrdga yetdi. “Tesla” aksiyalari 15%ga qimmatlab, har bir aksiya uchun $288,5ga yetdi — bu 2022-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi qog‘ozlarining yillik o‘sishi 32%dan ortiqni tashkil etdi.

Ilon Mask Donald Tramp prezidentlik kampaniyasining eng yirik homiylaridan biri bo‘lib, siyosatchining o‘zi milliarderni samaradorlik bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari etib tayinlashga va’da bergan.

Asosiy foyda oluvchilar ro‘yxatida keyingi o‘rinlarda “Amazon” asoschisi Jeff Bezos va “Oracle” hammuassisi Larri Ellison turibdi. Bu Amerika fond bozorining sezilarli darajada ko‘tarilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda “S&P 500” indeksi 2,5%ga oshgan.

donald tramp, saylov

“Meta” asoschisi Mark Sukerbergning boyligi o‘zgarmadi. Avvalroq Tramp Sukerbergni 2020-yilda saylov infratuzilmasini yaxshilashga $420 mln xayriya qilgani uchun tanqid qilib, u saylovlarga ta’sir o‘tkazishga uringanini ta’kidlagan edi. Tramp o‘zining “Amerikani qutqar” kitobida Sukerbergni fitnada ayblagan va qamoq jazosi bilan tahdid qilgan.

Bundan tashqari, “Coinbase” hammuassisi va bosh direktori Brayan Armstrong boyligini 30%ga oshirib, uni $11 mlrdga yetkazdi, “Binance” asoschisi Chanpen Chjao esa o‘z kapitaliga $12,1 mlrd qo‘shib, $52,7 mlrdga yetkazdi.

Donald Tramp tomonidan asos solingan “Trump Media” kompaniyasining aksiyalari narxi bir muddat shiddatlik bilan ko‘tarildi — 6-noyabr kuni “Nasdaq” savdolarida kompaniya kotirovkasi 59,96%ga yuqorilab, eng yuqori cho‘qqiga chiqdi va har bir aksiya uchun $54,29ni tashkil etdi. Keyinroq aksiyalar narxi pasaygan bo‘lsa-da, savdo kunning boshlanishiga nisbatan 6%lik o‘sish bilan yakunlandi.

Bundan tashqari, Trampning g‘alabasi fonida bir qator kriptovalyutalar narxi ko‘tarildi. Shundan so‘ng, kriptosferadagi kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari qimmatladi — masalan, “Coinbase” aksiyalari bir sutkada 30%ga, “MicroStrategy” esa 13%ga oshdi.

Neft gigantlari “Chevron” va “ExxonMobil” aksiyalari Trampning ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish haqidagi va’dalari fonida 3%ga oshdi. O‘z navbatida, “NextEra Energy” va “First Solar” kabi qayta tiklanadigan energiya kompaniyalarining aksiyalari an’anaviy energiya manbalariga e’tibor qaratish istiqbollari tufayli mos ravishda 5% va 10%ga kamaydi.

Elektromobillar uchun soliq imtiyozlari bekor qilinishining kutilishi “Rivian” aksiyalarining 8%ga pasayishiga olib keldi. O‘z navbatida, an’anaviy avtomobil ishlab chiqaruvchilar: “Ford” — 5%ga, “General Motors” — 2,5%ga o‘sishni ko‘rsatdi.

Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, AQSh moliyaviy aktivlari, ayniqsa, aksiyalar va dollari Tramp va’da qilgan soliqlarning pasayishi va tartibga solishning yumshashi fonida o‘sishga turtki beradi.