Buyuk Britaniya ham O‘zbekistonning “Uzstanex” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda Britaniya hukumati saytida keltirilgan.

Britaniya hukumati kompaniyani Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga yordam bergan moliyaviy va iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etishda ayblamoqda.

Avvalroq AQSH Moliya vazirligi O‘zbekistondan ikki kompaniya — “Uzstanex” va “The Elite Investment Group"ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Uzstanex” 2018-yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan va “mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan kompaniyaning ustav fondi 65 mln so‘mni tashkil etadi. Firmaning yagona ta’sischisi — Abramov Vasiliy Vitalevich, uning direktori — Boysov Dmitriy Aleksandrovich.

2023-yilning noyabrida AQSh O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. AQSh Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya armiyasi uchun dronlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq edi.

Joriy yil fevral oyi oxirida AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga yana bir qo‘shimcha kiritilganini e’lon qildi. Ular orasida vakolatxonasi Toshkentda bo‘lgan “Polar Star Logistics” transport kompaniyasi, shuningdek, asli o‘zbekistonlik, Rossiya kichik energetika assotsiatsiyasi prezidenti, BAAdagi “Business Russia” savdo uyi direktori Maksim Zagornov ham bor edi.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni faqat yanvar oyida muhokama qilishni boshlashi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, muhokamalar Vengriyaning YI kengashiga raislik qilish vakolati tugagach va raislik Polshaga o‘tishi bilan boshlanishi kutilmoqda.