5−6-noyabr kunlari Toshkentda MDHga a’zo davlatlar temir yo‘l transporti bo‘yicha kengashning 81-yig‘ilishi o‘tkazildi.
Uning doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Eron temir yo‘l ma’muriyatlari bilan uchrashdi.
Xususan, Turkmaniston temir yo‘llari agentligi raisi Azat Atamuradov bilan yuk tashish hajmini oshirish, temir yo‘l tashishlar uchun tariflarni uzaytirish, yuk va yo‘lovchi vagonlar parkini modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildilar. Tranzit tashish hajmini oshirish uchun raqobatbardosh tariflarni joriy etish va vagonlardan samarali foydalanishni oshirishga kelishildi.
Belarus temir yo‘llari rahbari Valeriy Verenich bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yuk vagonlaridan samarali foydalanishni kengaytirish uchun hamkorlikda marketing o‘rganishlarini amalga oshirishga kelishildi.
Tadqiqotlar doirasida bozor ehtiyojlarini aniqlash va yuk tashish samaradorligini oshirish amalga oshiriladi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Belarus temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolashga kelishildi.
Eron temir yo‘llari boshqaruv raisi Jabbor Ali Zakeri ishtirokidagi muzokaralar mavzusi ikki davlat o‘rtasida yuk tashish hajmini oshirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘ldi.
Temir yo‘l transporti orqali qo‘shimcha yuklarni jalb qilish maqsadida xalqaro transport yo‘laklarini, jumladan, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” yo‘nalishini faol rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga kelishildi.
“Roxi Oxani Tochikiston” rahbari Komil Jumaxon bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yuk tashishlar hajmini oshirish, raqobatbardosh tariflarni qo‘llash hamda yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.
“Qirg‘iz temir yo‘li” davlat korxonasi rahbari Azamat Sakiyev bilan o‘tgan muloqot ham yuk tashish hajmlarini oshirish va tarif chegirmalarini qo‘llash masalalariga qaratildi.
Ikki davlat o‘rtasida asosiy yuklar — ko‘mir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryo‘lkargo” yuk vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xo‘jaligi obyektlarini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar 2025-yilning yozida “Toshkent-Ribache” yo‘nalishida turistik poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bu yo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston temir yo‘l xodimlarini “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markazlarida malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilindi va ushbu yo‘nalishda o‘quv dasturlarini tashkil etishga kelishildi.
“Qazaqstan temіr joli” milliy korxonasi boshqaruv raisi Nurlan Sauranbayev bilan ikki davlat o‘rtasida qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish maqsadida raqobatbardosh tariflar joriy etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Tranzit yuk tashish hajmlarini ko‘paytirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Avvalroq Qirg‘iziston hukumati Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li uchun $14 mln ajratgani haqida xabar berilgandi.