6-noyabr kuni “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” haftaligi doirasida prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar haqida “Spot” muxbiriga so‘zlab berdi.
Uning ta’kidlashicha, Jahon savdo tashkilotini tashkil etishdagi asosiy tamoyillardan biri savdoni tariflar orqali tartibga solish bo‘lib, tashkilotning 30 yillik tarixi davomida buni sezilarli darajada liberallashtirishga erishilgan. Biroq ayrim mamlakatlar va mintaqalar qo‘llayotgan notarif choralar erkin savdoni murakkablashtirmoqda.
Maxsus vakil O‘zbekiston o‘zining notarif choralarini tartibga solish bo‘yicha faoliyat olib borayotganini ta’kidladi. Oktabr oyida prezident texnik jihatdan tartibga solish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazib, sanoat sohalarida 10ta yangi laboratoriya tashkil etishni topshirgandi.
“Biz nafaqat import, balki eksportni ham texnik jihatdan tartibga solishni rivojlantirishimiz lozim. Tashqi bozorlarga chiqish uchun texnik tartibga solish sohasidagi [xorijiy] talablarga javob berish zarur. Shundagina xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — dedi u.
“Spot” muxbirining Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev yaqinda aytgan 2−3 yillik o‘tish davri borasidagi savolga u “bu mamlakatlar bilan qanday kelishuvga erishishingizga bog‘liq” deya javob berdi.
Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2−3-yil ichida aksiz solig‘ini unifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu import qiluvchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan yagona stavkalar amal qilishi uchun amalga oshirilmoqda: tamaki mahsulotlari uchun 2026-yilga, alkogol va shakar uchun esa 2027-yilga rejalashtirilgan.
“Nima uchun biz 2026-yilga [JSTga a’zo bo‘lish] maqsadini qo‘yganmiz? Mahalliy kompaniyalarga 2−3 yil ichida yangi sharoitlarga moslashish imkoniyatini bermoqchimiz. Shu sababli, prezidentning ko‘plab farmonlari, hukumat qarorlari va qonunlar qabul qilinmoqda”, — dedi u.
Masalan, “daladan dasturxongacha” bo‘lgan oziq-ovqat zanjirini yaxshilaydigan oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hukumatga taqdim etilgan.
Urunov, shuningdek, antidemping, himoya va kompensatsiya choralariga oid savdo choralari bo‘yicha uchta qonun loyihasining ishlab chiqilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
“Agar O‘zbekistonga eksport qilishda davlatlar [o‘z ishlab chiqaruvchilariga] subsidiyalar bersa, biz bu subsidiyalarga qarshi savdo choralarini ko‘rishimiz mumkin. Hozirda biz [eksport] subsidiyalariga qarshi yo‘naltirilgan chora-tadbirlar bo‘yicha qonun loyihalarini hukumatga kiritish bosqichidamiz,” — dedi u.
O‘zbekiston hozirda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni tartibga solish bo‘yicha alohida muzokaralar olib bormoqda va majburiyatlarni aniqlash bosqichida turibdi. Xususan, infratuzilmani yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini ishlab chiqarishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.
O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiya, Xitoy va YI bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lum qilingandi.