O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlangan davlatlar bilan Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 6-noyabr kuni “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” haftaligida prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Noyabr oyida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunladi. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar mamlakatning tashkilotga a’zoligini qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.

“Bizda [JSTga a’zo bo‘lish borasida] bosqichma-bosqich yakunlanayotgan ikki tomonlama muzokaralar bo‘yicha davlatlarning arizalari mavjud. Biz 21ta davlat bilan muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgan edik. Muzokaralarni yakunlashimiz kerak bo‘lgan yana bir necha davlat qoldi. [Bu] Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya va shunga o‘xshash bir qator davlatlardir”, — dedi Urunov.

“Spot” muxbirining O‘zbekistonga ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash uchun yana nechta davlat kerakligi haqidagi savoliga Azizbek Urunov aniq raqamlarni keltirmadi, ammo, ular “ko‘p emas"ligini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, maxsus vakil JSTga a’zo bo‘lishdan oldin nomzod davlat tashkilotning boshqa a’zolari bilan ikki tomonlama muzokaralarni boshlashi mumkin, deya ta’kidladi.

Avvalroq Azizbek Urunov Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etgandi.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi.