“Audi” avtomobil ishlab chiqaruvchisi Germaniya hududida 4,5 mingga yaqin ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “TACC” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda ish o‘rinlari asosan ikkilamchi sohada qisqartirilishi kutilmoqda. Maqsad taxminan 15%ga qisqartirish bo‘lib, bu faqat Germaniyada 4,5 mingga yaqin ish o‘rnini tashkil etadi.
“Audi” kompaniyasi rahbariyati hozirda ishlab chiqarish kengashi bilan muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi, biroq qisqartirilishi mumkin bo‘lgan lavozimlar soniga aniqlik kiritmadi.
Bir necha kun oldin “Audi” moliyaviy direktori Yurgen Ritsersberger 2029 yilgacha amal qiladigan bandlik kafolati o‘z kuchida qolishini aytdi.
Ritsersbergerning ta’kidlashicha, kelishuvda agar ishbilarmonlik muhiti yomonlashsa, yangi muzokaralar boshlanishi ham nazarda tutilgan.
Oktabr oyi oxirida “Volkswagen” rahbariyati Germaniyadagi uchta zavodni yopish va ish haqini 10%ga qisqartirish rejalarini e’lon qilgandi.
Kompaniya moliyaviy qiyinchiliklar va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatning kuchayishi fonida xarajatlarni kamaytirish yo‘lini qidirmoqda.
“Volkswagen” bosh direktori Oliver Blum Xitoydagi yuqori ishlab chiqarish xarajatlari va raqobatni hisobga olgan holda guruhni raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun xarajatlarni 4 mlrd yevroga ($4,3 mlrd) kamaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi manbalar.
“Bloomberg” avtomobil ishlab chiqarish zavodlarida 1-dekabrdan boshlab ogohlantiruvchi ish tashlashlar bo‘lishi mumkinligini yozadi.
“Volkswagen AG” tarkibiga “Volkswagen”, “Skoda”, “Audi”, “Porsche”, “Bentley” va “Ducati” kabi avtomobil brendlari kiradi.
Avvalroq “Spot” “Nissan” 9 mingta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, qisqartirish xodimlarning qariyb 7%ga ta’sir qiladi va kompaniya buni sotuvlar pasaygani uchun amalga oshirmoqda.