Avvalroq oktabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajada oshgani — $43 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. O‘z navbatida, oltin qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $33,36 mlrd.

Markaziy bank o‘tgan oyda xalqaro zaxiralardagi qimmatli qog‘ozlar hajmini amalda uch baravarga oshirdi. Bu haqda regulyator tomonidan taqdim etilgaan ma’lumotlarda keltirilgan.

Xususan, oktabrda qimmatli qog‘ozlar qiymati $100 mlndan oshib, sentabrga nisbatan 2,82 barobarga ko‘paydi. Avvalgi oylarda qimmatli qog‘ozlar asta-sekin qimmatlashib, taxminan $35 mlnni tashkil etgandi.

Markaziy bank matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, qiymatning oylik o‘sishi qo‘shimcha obligatsiyalarni xarid qilish bilan bog‘liq, biroq ularning emitentiga aniqlik kiritilmadi.

May oyida regulyator tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga $35 mln miqdorida investitsiya kiritdi. Jahon banki ko‘magida zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi.

Iyul oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov Amerika qimmatli qog‘ozlar bozoriga kiritilayotgan investitsiyalar haqida so‘zlab berdi. Uning qayd etishicha, kelgusida investitsiyalar hajmining oshishi oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishga yordam berishi mumkin.

Avvalroq Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar markaziy banklari kengashi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.