Markaziy bank oktabr oyida 7ta bank va 2ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarida 32ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16ta masala ko‘rib chiqildi.

Shundan 4tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq, shuningdek, mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish hamda ularni hisob ro‘yxatiga olish masalalari mos ravishda 1 va 3tadan to‘g‘ri keladi.

Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari borasida 16ta masala muhokama qilindi.

Regulyator tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7ta bank va 2ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Shuningdek, 2ta to‘lov tashkiloti va 2ta to‘lov tizimi operatori chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi. Bu ular tomonidan to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarning bajarilmaganligi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, 4ta bankka ham xavfsizlikni ta’minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.

Prezidentning 2023-yil noyabrdagi qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak. Kelasi yilning 1-iyulidan esa to‘lov tashkilotlarining ustav fondi 20 mlrd so‘mni tashkil etishi zarur.

Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ustav kapitalini oshirmagan 5ta bankning aktiv operatsiyalari cheklanganini ma’lum qilgandi.