Xitoyning “Geely” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Rasmiy taqdimot 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. “Geely Auto"ning “Spot"ga aniqlik kiritishicha, bu kelasi yilning ikkinchi choragiga belgilanishi mumkin.
Bungacha kompaniya tomonidan O‘zbekistonda bir qator bozor tadqiqotlari va “test drayv” o‘tkazish belgilangan. Jarayon, jumladan, xorijiy bozorlar uchun mo‘ljallangan barcha modeldagi avtomobillarning turli hajmlarini, shuningdek, yangi elektromobillar va gibrid avtomobillarni qamrab oladi.
Iste’molchilarning ehtiyojlari chuqur o‘rganilganidan so‘ng, “Geely” mamlakatda o‘z avtomobillarini taqdim etadi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan modellar Rossiya, Belarus va Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi iste’molchilar tomonidan yuqori baholangan.
“Shu bois, biz „Geely“ O‘zbekistonga yanada texnologik va xavfsiz boshqarish tajribasini, yanada ishonchli va qulay xizmatlarni olib kelishiga ishonamiz”, — deyiladi xabarda.
Avtomobil brendining mamlakatga kirishi 2023-yilning boshida ma’lum bo‘lgandi. “Asaka Motors International” kompaniyasi mamlakatda “Geely” brendini namoyish etishi aytilgandi.
Yil oxiriga kelib, Toshkent viloyatida “Geely” elektromobillari ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgani xabar berildi. Loyihaga joriy yilda start berilib, dastlabki bosqichda yig‘uv sexi qurilishi, ikkinchi bosqichda esa ishlab chiqarish joriy etilishi belgilangandi.
“Geely Auto” — 1986-yilda tashkil etilgan “Geely Holding Group” tarkibiga kiruvchi brend hisoblanadi.
Bugungi kunda “Geely”, “Lynk & Co”, “Proton” va boshqa Yevropa hashamdor brendlarining 100dan ortiq modeli “Geely” quvvat tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, 60dan ortiq mamlakat va mintaqada muvaffaqiyatli sotilmoqda.