Joriy yilning 8-noyabridan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi.
Hujjatda huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval ishlab chiqishi belgilangan.
2024−2025 yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida esa, mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlanadi.
Nimalarni rasmiylashtirish mumkin?
Fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:
- 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2021-yil 8-iyungacha (hokimlarning vakolati bekor qilingunigacha) tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
- bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
- kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
- davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
- hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
Qanday talablar bor?
Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
- yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
- yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
- muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
- bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
- har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
Yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmda beriladi:
- 1998-yilning 1-iyuligacha egallangan bo‘lsa — 0,24 gektargacha;
- 1998-yilning 1-iyulidan 2018-yilning 1-mayigacha egallangan bo‘lsa — Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.
Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Jarayon qanday amalga oshiriladi?
Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi. 10ta vakolatli organ — hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi.
Shuningdek, tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, agentlik saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi. To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga agentlik tomonidan xabarnoma yuboriladi.
Uning asosida esa, asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi. Ya’ni, yerga nisbatan ijara huquqi, bino-inshootga nisbatan esa mulk huquqi beriladi.
To‘lov miqdorlari qanday?
Bir martalik to‘lov miqdorlari hududlarga qarab quyidagicha:
- Toshkent shahrida — BHMning 5 baravari (1,875 mln so‘m);
- Nukus shahri va viloyat markazlarida — BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m);
- viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — BHMning 2 baravari (750 ming so‘m);
- boshqa aholi punktlarida — BHMning 1 baravari (375 ming so‘m).
Qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi. I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘laganlar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga esa 50% chegirma beriladi.
“Tanish-bilish o‘tmaydi”
Hujjat kuchga kirishi jarayonida Kadastr agentligi direktori Farrux Pulatov fuqarolarga murojaat bilan chiqid. U xatlov jarayonida uylarni rasmiylashtirishda noqonuniy yo‘llar bilan daromad qilishni reja qilgan shaxslarning so‘zlari va va’dalariga ishonmaslikni so‘ramoqda.
Xatlov ishlari mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘tkaziladi. “Biri qolib ikkinchisiga o‘tilmaydi, ya’ni, xalq tili bilan aytganda „tezlashtirib berishning imkoni yo‘q!“”, — dedi Pulatov.
Xatlovdan keyin “E’tirof” dasturiga kiritilgan har bir holat bo‘yicha 15dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi. Jarayonda aniq belgilab berilgan 8ta toifaga kiruvchi holatlar o‘rganiladi.
“Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlar javobgarlikka tortiladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Xalq tili bilan aytganda „tanish-bilish o‘tmaydi!“”, — deya qayd etdi agentlik direktori.
Shuningdek, u firibgarlik, ta’magirlik yoki korrupsiya holatlari kuzatilsa huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishni so‘ramoqda.
E’tirof etish reja-jadvali bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq uy egasiga oldindan kompensatsiya to‘lamasdan uy-joyni buzish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, turar joyning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, qayta qurish yoki buzish shaharsozlik qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.