7-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda oxirgi yillarda $1 mlrd hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizatsiya qilingani qayd etildi. Lekin, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10−15%ga kamaygan bo‘lsa-da, 20ta tumandagi yo‘qotishlar mamlakatda eng yuqori hisoblanadi.

Yig‘ilishda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani misoli ko‘rib chiqildi. Tumanda xitoylik investorlar bilan suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha loyiha yakuniga yetkazildi.

Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilib, kimga qancha suv borgani aniq ko‘rinadi. Avtomatlashgan boshqaruv orqali 20%, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash hisobiga yana 10% suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi.

Viloyatlar hokimlariga Do‘stlikdagi yangi tizimni o‘rganish, viloyatidagi suv ta’minoti og‘ir va xarajati qimmat 1tadan tumanda Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi.

Noyabr-mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqtligi ta’kidlandi. Hali 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlash zarur.

Kanallarda yiliga Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng bo‘lgan 13 mlrd kub metr suv yo‘qotilmoqda. Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Mas’ul idoralarga 66ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1-aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir so‘mni maqsadli, tejamkorlik bilan to‘g‘ri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.

Har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, Suv muammolari ilmiy instituti, 9ta texnikumni “dual ta’lim” asosida biriktirish muhimligi ta’kidlandi. Ular loyihadan betonlash tugaguncha bo‘lgan barcha jarayonlarni ilmiy yondashuv asosida kuzatib, tavsiya va xulosasini beradi.

Kanallarni betonlash hisobiga suv oqimi tezlashadi. Bu kichik GESlar qurib, elektr olish uchun katta imkoniyat ekani qayd etildi.

Navoiy viloyati kanallarida 11 megavattli 148ta mikro GES qurish boshlangan. Bunda mahalliy komponent yuqori bo‘lgan, Navoiyni o‘zida ishlab chiqarilayotgan uskunalardan foydalanilmoqda.

Mamlakatda 2 mingta mana shunday mikro GES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 mln kilovatt elektr olish mumkinligi ta’kidlandi.

Viloyat hokimlari oldiga Navoiy misolida o‘z hududlarining sanoat salohiyatini ishga solib, mahalliy komponenti yuqori bo‘lgan shunday mikro GESlarni loyihalashtirish va barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning sentabrida Surxondaryoda qiymati $3 mlndan ortiq kichik GES ishga tushirilgandi. Uning quvvati 3 MVtga teng bo‘lib, yiliga o‘rtacha 13,3 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.