Yaponiyaning “Nissan” kompaniyasi avtomobil bozorida keskin raqobat tufayli 9000ta ish o‘rnini qisqartiradi, deya xabar berdi “Bloomberg”.
Qisqartirish kompaniya xodimlarining 6,7%iga ta’sir qiladi, hozirda kompaniyada 135 mingdan ortiq xodim ishlaydi.
Qayd etilishicha, yana bir chora sifatida kompaniya ishlab chiqarish quvvatlarini 20%ga qisqartirishi kerak bo‘ladi.
“Reuter” nashrining yozishicha, AQSh va Xitoydagi savdolarning pasayishi sababli kompaniya mazkur qarorni qabul qilmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya “Mitsubishi Motors"dagi 34%lik ulushining qariyb uchdan birini sotmoqchi.
Agentlikning baholashicha, 2024-yil 7-noyabr kuni savdo sessiyasi yopilishi paytida aksiyalarning 10%i $453 mlnga teng bo‘ladi.
2024-yilning birinchi yarmida “Nissan” kompaniyasining sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 94%ga kamayib, $127 mlnni tashkil etdi.
Shuningdek, kompaniya 2024-moliyaviy yil uchun operatsion foyda bo‘yicha bashoratini 70%ga, ya’ni $3,3 mlrddan $990 mlngacha pasaytirdi.
Konsern rahbari Makoto Uchidaning so‘zlariga ko‘ra, sotuv maqsadlariga erishish murakkab vazifaga aylanadi, kompaniya esa ijobiy yo‘nalishda harakat qilish uchun kuchlarini tiklashi kerak.
2024-yil oktabr oyi oxirida “Volkswagen” rahbariyati Germaniyadagi uchta zavodni yopish va ish haqini 10%ga qisqartirish rejalarini e’lon qilgandi.
Kompaniya moliyaviy qiyinchiliklar va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatning kuchayishi fonida xarajatlarni kamaytirish yo‘lini qidirmoqda.
Avvalroq “Spot” “Bosch” iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Kompaniya bosh direktorining ma’lum qilishicha, 2024-yilda sotuv hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan biroz pastroq bo‘lishi kutilmoqda.