“Yashil” quvvatlarni integratsiya qilish uchun O‘zbekiston 2030-yilgacha 10 GVt zaxira quvvatlarini yaratishi kerak. Bu haqda 6-noyabr kuni “Spot"ga bergan intervyusida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir elektr tarmog‘i yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan tortib, xodimlarning kompetensiyalarini rivojlantirishgacha bo‘lgan to‘rtta tarkibiy qismga ega bo‘lishi kerak. Quyosh va shamol energiyasi olis joylarda ishlab chiqariladi, asosiy iste’molchilar esa shaharlarda joylashgan, shuning uchun ham elektr energiyasini tashish zarurati mavjud.

Bundan tashqari, generatsiyani boshqarish va iste’molni muvozanatlashtirishga imkon beruvchi raqamli avtomatika, jumladan generatsiyani avtomatik boshqarish (AGC) tizimi ham zarur. Ob-havo sharoiti o‘zgarganda, tizim manyovr quvvatlarini avtomatik ravishda ishga tushiradi, dedi Mamadaminov.

Uchinchisi — bu energiya tizimida chastotani birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi tartibga solish uchun zaxira energiya quvvatlari. Energetika vaziri o‘rinbosari zaxira quvvatlar quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvatining 50%ini tashkil etishi kerakligini ta’kidladi.

“Agar biz 20 GVt qayta tiklanadigan energiyani [2030-yilga qadar] integratsiya qilmoqchi bo‘lsak, kamida 10 GVt „issiq“ zaxira („Spinning reserve“ — „Spot“) turishi kerak,” — dedi Umid Mamadaminov.

Mas’ulning ta’kidlashicha, zaxira quvvat sifatida gidroenergiya xizmat qilishi mumkin, ammo suv tanqisligi tufayli uning salohiyati cheklangan. Shuningdek, kichik gaz-turbina qurilmalari va energiya saqlash tizimlarini qurish mumkin, biroq, ikkinchisi faqat qisqa muddatga yetadi.

Sentabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy yil oxirigacha 300 MVt quvvatga ega birinchi energiya saqlash tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. 2030-yil yakuniga qadar ularning quvvatini 4,2 GVtga yetkazish rejalashtirilgan.

Gaz turbina qurilmalarini ta’minlash uchun gaz uzatish tizimini rivojlantirish zarur. Mamadaminovning ta’kidlashicha, soatiga 2−2,5 mln kub metr gaz yetkazib berishda cheklov mavjud. Kechki paytlarda, quyosh energiyasi ishlab chiqarilmaydigan vaqtda manyovr stansiyalari ishga tushiriladi, ular uchun “katta hajmda gaz” kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, kichik atom elektr stansiyalarini qurish zaxira quvvatlarini yaratishda yordam berishi mumkin. Shunga qaramay, Energetika vaziri o‘rinbosari atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish muddati ko‘p yil davom etishini, manyovr quvvatlariga ehtiyoj esa yaqin yillarda paydo bo‘lishini aytdi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Umid Mamadaminov infratuzilma “yashil” energetikaga tayyor emasligini ma’lum qilgandi. Vazir o‘rinbosari mavjud tizimlarni qo‘shimcha modernizatsiya qilish va podstansiyalar qurish zarurligini ta’kidladi.

2030-yil oxirigacha O‘zbekiston gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilishga $470 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. “O‘ztransgaz” mamlakat magistral gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish uchun xorijiy kreditlarni jalb qiladi, bu esa Rossiyadan tabiiy gaz importi hajmini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

Avvalroq “Spot” “Hududgazta'minot” birinchi yarim yillikda sof foydasini ikki barobarga oshirgani haqida xabar bergandi.