Hukumat qarori bilan umumiy ovqatlanish korxonalari, turoperatorlar va mehmonxonalarga budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mehmonxona sohasi uchun berilgan imtiyozlarni e’lon qilgandi. Soliq qo‘mitasiga 20-noyabrga qadar mazkur korxonalarga QQSni qaytarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan dasturni ishga tushirish topshirildi.

Mehmonxonalar va turoperatorlar 1-oktabrdan to‘langan QQSning 20%ini oladi. Restoranlarga esa, aylanmadagi naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi 60%dan past bo‘lsa 20%, 60% va undan yuqori bo‘lsa 40% QQS qaytarib beriladi.

Imtiyoz olish uchun yuqorida sanab o‘tilgan faoliyat turlaridan tushumlar tadbirkorlik subyekti umumiy tushumining kamida 9%ini tashkil etishi kerak. Bundan tashqari, turoperatorlar uchun tushumning kamida 80%i xorijiy valyutada tushishi kerak.

Haqiqiy ulush cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi asosida aniqlanadi. Soliq organlari avtomatik dasturiy majmuadagi ma’lumotlar asosida xulosa tuzadi.

Xulosa subyekt tomonidan murojaat qilingandan keyin bir ish kuni ichida G‘aznachilikka yuboriladi. Shundan so‘ng mablag‘ tadbirkorning asosiy bankdagi hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Qabul qilingan Vaqtinchalik nizom 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Shuningdek, QQSga o‘tgan umumiy ovqatlanish korxonalariga jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga sotib olishga ruxsat beriladi. Bunda xaridor elektron xarid dalolatnomasini soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki Soliq ilovasi orqali rasmiylashtiradi.

Dalolatnomada xarid qilingan mahsulotning mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi, uning miqdori va narxi, shuningdek xarid sanasi ko‘rsatilishi talab etiladi. Dalolatnoma tuzilmaganligi soliq bazasini yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish deb hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi 500dan ortiq umumiy ovqatlanish muassasalarida bir qator kamchiliklarni aniqlagani haqida yozgandi.

Mamlakatdagi 524ta restoran va kafeda taomnoma davlat tilida yuritilmasligi, 480tasida ish rejimi hamda 449tasida narxlar ko‘rsatilmaganligi ma’lum bo‘ldi.