Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda prezident 2025-yil suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishini ta’kidladi.

Mamlakatdagi 2,5 mln gektar yerni sug‘orishga 1 600dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 mlrd kVt elektr sarflamoqda. 2017-yilda 2 mln gektarga 8,3 mlrd kVt ishlatilgan.

Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20% elektrni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.

Fermer xo‘jaliklarida 1 700ta nasos yiliga 1 mlrd kVt elektr sarflaydi. Ularga elektr xarajati uchun bu yilgi budjetda 170 mlrd so‘m subsidiya reja qilingan edi. Kelgusi yil bunga yana 250 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Xorazmlik 92 nafar dehqon yangi nasos o‘rnatib, elektrni 20% tejayotgani, quyosh paneli o‘rnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7−8 mln so‘m daromad olayotgani qayd etildi.

Bu tajribani kengaytirish uchun elektr xarajatiga subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari o‘rnatishga bog‘lash kerakligi qayd etildi. Har yili 1000tadan fermerni yangi tizimga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Mamlakat bo‘yicha 2 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilda 2 mlrd kub metr suv tejaldi. Mamlakatdagi 50dan ortiq mahalliy korxona bunday texnologiyalarni ishlab chiqarmoqda.

Biroq, tomchilab sug‘orish joriy qilingani borasida hisobot berilgan barcha dalalarda bu tizim ishlamayapti. Qoraqalpog‘istonda esa lazerli tekislashga 10 mlrd so‘m subsidiya berilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ ishlatilmasdan qolmoqda.

Yerning har gektariga 1 mln so‘mdan subsidiya beruvchi Qoraqalpog‘istondagi tizim Xorazmda ham joriy etiladi. Kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar uchun 700 mlrd so‘m subsidiya, 2,5 trln so‘m kredit ajratilishi belgilandi.

Mas’ul idoralarga lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatish lozimligiga ham to‘xtaldi. Qo‘shrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 mln kub metr suv samarasiz oqib ketishi aytildi.

Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.

Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni borligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga 10ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.

Prezident suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li — raqamlashtirish ekanini ta’kidladi.

Nasos stansiyalariga olib kelingan 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasidan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘qligi qayd etildi.

Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Bu markaz suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.

Hozirda suv solig‘idan tushumning 40%i tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada bu kamchilikni bartaraf etish topshirildi.

Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum budjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash topshirildi.

Yil boshida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilgan fermerlarga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi. Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun suvkredit.uz platformasi orqali 5 yil muddatga kreditlar ajratiladi.