Dekabr oyida “Fly Khiva” aviakompaniyasi ikkita “Boeing 757” yo‘lovchi samolyotini oladi. Bu haqda 9-noyabr kuni aviatashuvchi bosh direktori Dilshod Xodjayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Fly Khiva” 2021-yilda respublika ichki reyslarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq bu joyni “Silk Avia” mintaqaviy aviakompaniyasi egallagan. Shu munosabat bilan yuk tashishga e’tibor qaratishga qaror qilindi.

Dilshod Xodjayevning ta’kidlashicha, bu yil yo‘lovchi tashuvlarini yo‘lga qo‘yish rejasi yo‘q edi, ammo Islandiyaning “Icelandair” aviakompaniyasi 22 yoshdan oshgan ikkita “Boeing 757−300"ni ijaraga olishni taklif qildi.

“Fly Khiva” Toshkentdan O‘zbekistonning beshta shahri: Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona va Namanganga parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.

Xorijiy yo‘nalishlar orasida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Isroil, Gretsiya, Hindiston, Tailand, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Latviya bor. Dastlabki bosqichda Fly Khiva o‘zini charter tashuvchisi sifatida ko‘rsatmoqchi.

Samolyotlarda biznes (22 o‘rin) va ekonom (203 o‘rin) sinflariga bo‘linishi ko‘zda tutilgan. Yuklarni bepul tashish me’yori 23 kg, qo‘l yuklari esa 10 kgni tashkil etadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonidan uchayotgan yo‘lovchilarga o‘zlari bilan qo‘shimcha 5 kg olib yurishga ruxsat beriladi.

“Fly Khiva” aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan. Urganchda joylashgan mahalliy aviakompaniya “Fly Khiva Group” tarkibiga kiradi.

2022-yilning aprelida aviakompaniya “Azal Azerbaijan Airlines” bilan hamkorlikda Bokudan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.

Joriy yil yanvar oyida aviakompaniya o‘zining birinchi samolyotini olgandi. “Icelandair"dan ijaraga olingan “Boeing 767” yuk samolyoti Dubay, Istanbul, Dehli va Gonkongga parvoz qilmoqda.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” uchinchi LET L-410 havo kemasini qabul qilgani haqida yozgandi. “Silk Avia” flotiga qo‘shilgan mazkur samolyotdan ichki qatnovlarda foydalaniladi.