“Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida milliy valyutada rasmiylashtirilgan iste’mol va avtokreditlar hajmi ikki barobardan ko‘proq kamaydi.
Yanvar-sentabr oylarida fuqarolar tomonidan 12,79 trln so‘mlik avtokreditlar olindi, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan 2,36 barobar kamdir.
Eng yuqori oylik ko‘rsatkichlar yanvar, aprel va may oylariga to‘g‘ri keldi, o‘shanda 1,7 trln so‘m chiqarilgan.
Iste’mol kreditlari 2,4 barobarga — 32,54 trln so‘mdan 13,05 trln so‘mga qisqardi. Eng ko‘p chakana kreditlar may oyida (1,8 trln so‘m) berilgan.
Sentabr oyida avtokreditlash 2022-yil fevral oyidan beri eng past darajaga yetdi. Uchinchi chorakda avtokreditlar berish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravardan ko‘proq kamaydi.
Nima uchun kreditlash pasaymoqda?
O‘tgan yilning sentabr oyida Markaziy bank banklarga avtokreditlar ajratish bo‘yicha talablarni kuchaytirgan edi. Shunday qilib, banklarning kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq tavakkalchiliklar tufayli 25%dan oshmasligi kerak.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab Markaziy bank aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Regulyator kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichini joriy qildi.
Ushbu parametr jismoniy shaxslarga mikrokredit berishda allaqachon qo‘llaniladi. Mikroqarzlar berish kredit oluvchining daromadi miqdorining yarmi bilan cheklandi.
Unga ko‘ra, 1-iyuldan kreditlash limiti 60% etib belgilanadi, 2025-yildan esa 50%gacha pasaytiriladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit/garov” koeffitsiyenti hisobga olinadi.
Iyul oyida “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyorov Markaziy bank avtokreditlar berish bo‘yicha ochiqlanmagan cheklovlar joriy qilganini aytdi. Bu yil avtomobil savdosi 15%ga — 350 ming donagacha pasayishi kutilmoqda.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank 7ta bank va 2ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Bundan tashqari, 2ta to‘lov tashkiloti va 2ta to‘lov tizimi operatori ustav kapitali va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarni bajarmagani uchun ogohlantirish oldi.