Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ikkilamchi avtomobil bozorida o‘rtacha narxlar tahlili natijalarini e’lon qildi.
Oktabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida “Lacetti”, “Damas”, “Labo” narxlari pasayishda davom etdi. “Spark” o‘rtacha narxlari biroz ko‘tarilgan bo‘lsa, “Cobalt” va “Nexia” narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari
Joriy yilning oktyabr oyida ikkilamchi bozorda ko‘p foydalanilgan “Lacetti”, “Damas”, “Labo” avtomobillar o‘rtacha narxlari sentabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5%, 6,3% va 2,0%ga pasaygan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilganlari mos ravishda 0,3%, 0,6% va 3,5%ga arzonladi.
Ko‘p foydalanilgan “Spark” avtomobilining o‘rtacha narxi 2,2%ga, o‘rtacha foydalanilgani 2,9%ga oshgan bo‘lsa, “Cobalt” va “Nexia” narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Mahalliy ommabop avtomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:
- “Lacetti”: kam foydalanilgan — $15 236 ($15 452), ko‘p foydalanilgan — $13 300 ($13 500);
- “Damas”: kam foydalanilgan — $8 250 ($8 300), ko‘p foydalanilgan — $7 500 ($8 000);
- “Spark”: o‘rtacha foydalanilgan — $10 500 (sentyabr oyida — $10 200), ko‘p foydalanilgan — $9 200 ($9 000).
Mahalliy lyuks avtomobillar narxlari
Joriy yilning oktabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan “Equinox” narxlari sezilarli o‘zgargan bo‘lsa, “Malibu” va “Tracker” narxlari deyarli o‘zgarmadi.
Jumladan, mazkur davrda kam va o‘rtacha foydalanilgan “Equinox"ning o‘rtacha narxlari sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5% va 6,3%ga arzonlagan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgani 1,9%ga oshdi.
“Equinox” uchun oktabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:
kam foydalanilgan — $33 000 ($33 500), o‘rtacha foydalanilgan — $30 000 ($32 000); ko‘p foydalanilgani- $27 000 ($26 500).
Elektomobil narxlari
O‘tgan oyda elektromobillar narxlari sezilarli darajada arzonlashdi. Xususan, BYD “Han” avtomobilining ko‘p foydalanilgani o‘rtacha narxi 10,2% ga, o‘rtacha foydalanilgani 2,6% ga hamda yangisi 2,2% ga pasaydi. “BYD Song Plus EV Chempion"ning o‘rtacha foydalanilgani 7,5%ga, yangisi 1,2%ga arzonlashdi.
Elektomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:
- BYD “Han”: ko‘p foydalanilgan — $31 450 ($35 000), o‘rtacha foydalanilgan — $37 000 ($38 000);
- BYD “Song Plus EV Champion”: o‘rtacha foydalanilgan — $27 500 ($29 750); yangi- $29 000 ($29 350).
“Random Forest” modeli: avtomobil narxlariga ta’sir etuvchi omillar. “Malibu” va “Tracker"ning narxiga ularning bosib o‘tgan masofasi yuqori darajada ta’sir etib, ishlab chiqarilgan yili katta ta’sir etmasligi aniqlandi.