Surxondaryo, Xorazm va Andijon viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaliklari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “X.” fermer xo‘jaligi rahbari J.X. dala yer maydonida elektr suv nasosini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab olgani aniqlandi.
Buning natijasida 314,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Departamentning Yangibozor tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, tumandagi “R.Y.” va “Sh.B.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga ulab olgan.
Buning natijasida jami 213,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “X.” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi G‘.U. 100,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Namanganda qariyb 435 mln so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Namangan shahri, Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanida fuqarolar tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.