2030-yilda O‘zbekiston xorijga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkin. Bu haqda 6-noyabr kuni “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” forumi doirasida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120−125 mlrd kVt/soat atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bizda ko‘plab generatsiya obyektlari mavjud — taxminan 135 mlrd kVt/soat. Infratuzilma tayyor bo‘lishi bilan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish mumkin”, — dedi Energetika vaziri o‘rinbosari.
Avgust oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qora dengiz tubi bo‘ylab Yevropa mamlakatlariga elektr energiyasi eksporti hajmi “kabel quvvati va hamkorlarning xohishiga bog‘liq"ligini aytgandi. Energetika vaziri 2 GVtdan 5 GVtgacha energiya yetkazib berishga tayyorligini bildirdi va hozirda O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab to‘liq qoplanayotganini ta’kidladi.
Yozda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “yashil” energiyani ishlab chiqish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishib oldilar va Italiyaning “CESI” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishi (TIA) uchun texnik topshiriqni tasdiqladilar.
“Biz bir kompaniyani tanladik — „CESI“. U allaqachon [loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish ustida] ishlay boshlagan. Texnik-iqtisodiy asoslashni tayyorlash uchun taxminan bir yarim yil kerak bo‘ladi va ular 2025-yil oxirigacha ishni yakunlaydi. Keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (Doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — „Spot“ izohi). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin $2 mlrddan ortiqni tashkil etadi”. — deya qo‘shimcha qildi u.
“Spot” muxbirining Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narx bozor yo‘li bilan aniqlanishi, lekin bir kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.
“Yashil” energiya koridori
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.
Avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashgan.