Toshkent shahar hokimligi poytaxt ko‘chalarida pullik to‘xtash joylarini boshqarish huquqi uchun savdolar o‘tkazmoqda. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.
Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunga quyidagi ko‘chalarning qismlari kiradi:
- poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
- Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘panata, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
- Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
- Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
- Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
- Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
- Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).
Ijara muddati 3 yilni tashkil qiladi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida $5 mln sarmoya kiritishi kerak.
Avtoturargohdan tushgan tushumning kamida 1/12 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi kerak.
Yillik ijara boshlang‘ich narxi 57,21 mlrd so‘mni tashkil etadi. Auksion 25-noyabr kuni soat 10:00da bo‘lib o‘tadi, arizalar shu kuni soat 9:00dan kechiktirmay qabul qilinadi.
Toshkent shahrida 80 mingdan ortiq pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha 21-oktabr kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Toshkentning barcha tumanlaridagi belgilangan joylarda pulli “parkovka"lar bosqichma bosqich joriy etilishi belgilanmoqda.
Bunda, birinchi bosqich doirasida 14 mingga yaqin avtoturargoh o‘rni yaratilishi va bu ishlar 2025-yilning 15-martigacha yakunlanishi kerak.
Toshkent shahar hokimligi pulli parkovkalar uchun to‘lovlar miqdorini tasdiqladi.
Yig‘im miqdori tarif zonasidan kelib chiqib, bir soat uchun 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi. Parkovkalarning 5%i imkoniyati cheklangan avtomobil egalari uchun bepul ajratiladi.
Avvalroq “Spot” Toshkent shahar hokimligi yer osti yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Ahmad Donish ko‘chasi chorrahasidagi yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagida yengil turdagi savdo, maishiy va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish taklif qilinmoqda.