Prezident qarori bilan O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Endi tayyor hujjatni uyga yetkazib berish bilan pochta orqali olish mumkin bo‘ladi. Buning uchun ariza beruvchi chet el pasportini berish uchun to‘ldiriladigan anketada tegishli bandni belgilashi kerak.
Xizmat narxi pochta xizmati tomonidan belgilanadi va ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi. Pasport so‘rovnomada ko‘rsatilgan manzilga yetkaziladi: Toshkent shahri va viloyat markazlariga 1 kunda, boshqa shahar va tumanlarga esa 2 kunda.
Agar ariza beruvchi yetkazib berish vaqtida ko‘rsatilgan manzilda bo‘lmasa, pasportni 10 ish kuni ichida pochta bo‘limidan olish mumkin bo‘ladi. Fuqaro o‘z shaxsini barmoq izi yoki Face ID orqali tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
2023-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali yetkazib berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Hujjat bilan, 1-oktabrgacha ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.
1-dekabrdan esa migratsiya, avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda davlat raqami berish bo‘yicha davlat xizmatlari fuqarolar xohishi bilan yashash joyiga chiqish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.
2023-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi ID-karta va chet el pasportlarini pochta orqali yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Xizmatni o‘sha yilning 1-oktyabrigacha tashkil etish, dekabr oyidan boshlab esa migratsiya va avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazish sohalarida uyga chiqib xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi.
Ariza beruvchi sayyor xizmatdan foydalanish kunini tanlash huquqiga ega. Odatdagi yig‘im va to‘lovlardan tashqari, transport xarajatlarini ham to‘lash talab etiladi — 10 km masofagacha BHMning 21,9%i (82 125 so‘m)dan 100 km masofagacha 83,2%i (312 ming so‘m)gacha.
Avvalroq “Spot” Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID usuli joriy qilinishi haqida yozgandi.
Mazkur usul joriy yilning yakunigacha yo‘lga qo‘yilib, bunda fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi.
Davlat xizmatlari markazlari va notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tishda pul undirilmaydi.