2024-yilning yanvar-sentabr oylarida chet el fuqarolarining Rossiyaga safarlari soni, tashrifning barcha maqsadlarini hisobga olgan holda, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11%ga oshdi, deya xabar berdi “RBC” nashri.

To‘qqiz oyda boshqa davlatlar fuqarolari Rossiya chegarasini 13 mln marta kesib o‘tgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 11,7 mln kishini tashkil etgan.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida xorijliklar Rossiyaga asosan qo‘shni davlatlardan kirib kelgan. Mutlaq yetakchi O‘zbekiston bo‘ldi va mamlakat fuqarolari Rossiya chegarasini 2,65 mln marta kesib o‘tdi, bu o‘tgan yilga (2,45 mln) nisbatan 8% ko‘pdir.

Bundan tashqari, an’anaviy ravishda kirish bo‘yicha yetakchi uchlikka Qozog‘iston fuqarolari — 2,63 mln tashrif (yillik 8% o‘sish) va Tojikiston fuqarolari — 1,4 mln tashrif (o‘tgan yilga nisbatan 17% kam) kirdi.

Uzoq xorij davlatlaridan hisobot davrida fuqarolari Rossiyaga eng ko‘p tashrif buyurgan o‘nta davlat qatoriga Xitoy ham kirdi: u yerdan tashriflar soni 2,5 baravarga ko‘payib, 1,3 mlnga yetdi (bir yil oldin 531,7 ming).

KXDR fuqarolarining Rossiyaga tashriflari soni ham sezilarli darajada, o‘n baravarga oshdi — bir yil oldingi 735 tadan 7,7 mingtaga ko‘paydi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Rossiyaga tibbiy sayyohlar soni bo‘yicha yetakchiga aylangani haqida yozgandi.

Undan keyin mamlakatga eng ko‘p Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari tashrif buyurgan.

Tashrif buyuruvchilar Moskva va Moskva viloyati, Sankt-Peterburg, Novosibirsk va Sverdlovsk hamda Tataristonda davolanmoqda.