“BILLZ” startapi turkiyalik tadbirkor Evren Uchokdan sarmoya jalb qildi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Sarmoya miqdori oshkor etilmagan. Qayd etilishicha, Uchok startapning direktorlar kengashida o‘rin egalladi va uni yanada rivojlantirishda, shuningdek, chakana savdo xizmatlari bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashda ishtirok etadi.
Evren Uchok $16 mlrddan ortiq sarmoya bilan Turkiyaning yetakchi “Trendyol Group” marketpleysining hammuassislaridan biriga aylangan. Shuningdek, tadbirkor investitsiya kiritgan kompaniyalar qatoriga quyidagilar kiradi:
- “Peak Games” — Turkiyadagi birinchi “yakkashox"ga aylangan mobil o‘yinlar kompaniyasi;
- “Earlybird Digital East” — Sharqiy Yevropadagi eng yirik venchur fondlaridan biri;
- “UiPath” — robotlashtirilgan avtomatlashtirish sohasidagi loyiha.
“Men “BILLZ"ning vazifasiga ishonaman va ularning kichik hamda o‘rta biznesni rivojlantirish borasidagi g‘oyalaridan ilhomlanaman,” — dedi Evren Uchok.
Uchok jamoaning noyob ko‘nikmalari borligini va platforma mintaqada chakana savdo texnologiyalarini o‘zgartirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanligini qayd etdi.
2017-yilda ishga tushirilgan “BILLZ” platformasi chakana savdoni avtomatlashtirish uchun yechimlarni yaratadi. Xizmat tovarlarni, xodimlarni va moliyani boshqarish, tahlil, CRM, jamoani o‘qitish, shuningdek, marketpleyslar va kreditlash bilan integratsiya qilish uchun vositalarni taklif qiladi.
Kompaniya 6 mamlakatda — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya va Ozarbayjonda faoliyat yuritadi, shuningdek, franchayzingni yo‘lga qo‘ygan. “BILLZ"ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 mingdan ortiq do‘kon kompaniya yechimlaridan foydalanadi.
Sentabr oyida startap “Pre-Series A” investitsiya raundini muvaffaqiyatli yakunlagani haqida xabar bergandi.
Startapning umumiy qiymati $10 mlnga baholanib, investitsiyalar hajmi $500 mingni tashkil etdi. Raundni Qozog‘istonning “FinQ” faktoring kompaniyasi, “Activat VC” va “Aloqa Ventures” venchur fondlari boshqardi.
Avvalroq “Spot” “ArzonApteka” startapi sarmoya sifatida $6 mln jalb qilgani haqida yozgandi.
Sarmoyalar “Payme” asoschisi Sarvar Ro‘zmatov va bir guruh yevropalik investorlar tomonidan taqdim etilgan.